Maktab bitiruvchilari Oksford, Vebster universitetlari talabasi bo‘ldi

Ta’limning rivojlanishiga qaratilgan sa’y-harakat bir-ikki kunda o‘z natijasini ko‘rsatadigan jarayon emas. Bir niholni — o‘quvchini tarbiyalab, o‘qitib, kamolga yetishi zamirida ota-ona va o‘qituvchining cheksiz mehri va sadoqati, fidoyiligi, mamlakatning beminnat moddiy va ma’naviy rag‘bati yotadi. Ana shu mehnat va rag‘bat kun kelib ijobiy natija bersa bas, eng katta yutuq mana shunda.

2019-2020 o‘quv yilida viloyatimiz maktablarini 53583 nafar o‘quvchi bitirdi. Bitiruvchilarimizning 339 nafari oltin, 76 nafari kumush medallarga sazovor bo‘lishdi. O‘tgan yilgi natijalar bilan qiyoslaganda ijobiy ko‘rsatkichlarimiz bir necha barobarga ortganini kuzatish mumkin. Ya’ni, o‘tgan o‘quv yilida 141 nafar bitiruvchimiz oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan edi.

Quvonarlisi, joriy yil allaqachon 27 nafar bitiruvchimiz chet tillar va aniq fanlarni puxta o‘zlashtirgani, madaniyat, san’at va sport yo‘nalishlarida o‘zlarining qobiliyatlarini namoyon etib, mamlakatimiz va xorijiy ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagani natijasida respublikamiz va xorijiy mamlakatlarning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtiyozini qo‘lga kiritdi.

Alohida e’tirof etish joizki, xalq ta’limi sohasida erishilayotgan bunday yuksak natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Avvalo, bolaga oilada to‘g‘ri tarbiya berilgani, maktabda fidoyi va jonkuyar o‘qituvchining pedagogik mahorati, chekkan zaxmati, tizimdagi rahbarlarning ta’lim sifati va samaradorligiga alohida e’tibor qaratgani natijasidir.

Ushbu fikrlarimizga ozgina kengroq to‘xtalsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Samarqand shahridagi umumta’lim maktablarini 2019-2020 o‘quv yilida  6 248 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning orasida puxta bilim olib, tirishqoqligi va intiluvchanligi bilan a’lo baholarga o‘qigan 112 nafari oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Ushbu bitiruvchilarimiz orasida Ansar Rahmonov bir qator xalqaro universitetlarga o‘qishga kirish uchun onlayn imtihonlardan o‘tib, bugun Angliyadagi Oksford universitetining iqtisodiyot yo‘nalishi talabasi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Darhaqiqat, oddiy maktab o‘quvchisining bunday yutuqqa erishishi birgina o‘zining intilishi emas. Bu avvalo, farzandga ota-onaning g‘amxo‘rligi, pedagogning to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berishi va undan keyin o‘quvchidagi ishtiyoqning natijasidir. Ansar doimiy ravishda fanlarni bir-biridan ajratmasdan, qunt bilan o‘zlashtirib kelgan. Ayniqsa, ingliz tili fani o‘qituvchisi va sinf rahbari Shahlo Ibodova, matematika fani o‘qituvchisi Nasiba Mirzayevalardan fan saboqlarini puxta o‘zlashtirgan. Muhimi, o‘quvchining to‘g‘ri kamol topishida Ansarning ota-onasi Anvar Davronov, Nigora Davronovalar doimiy ravishda o‘qituvchi, sinf rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lib, farzandining ta’lim-tarbiyasi, intilishi, ruhiyati, qiziqishlari haqida doim voqif bo‘lib, birgalikda uni to‘g‘ri yo‘naltirgan. Albatta, bu ota-onaning biri tadbirkor, biri uyda boshqa farzandlarning tashvishi bilan band. Aytmoqchimanki, o‘z bolasiga ozgina e’tibori, o‘qituvchi bilan birgalikdagi qat’iy nazorati o‘quvchining taqdirini, ta’bir joiz bo‘lsa, porloq kelajagini belgilayapti.

Quvonarlisi shuki, Ansar kabi o‘quvchilarimiz ko‘p. Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi 28-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 4 nafar o‘quvchisi oltin medal sohibi bo‘lish bilan birga, IELTS imtihonalaridan 5,5 va 6 balli sertifikatlarga ega bo‘lishgan. Maktab-internat o‘quvchisi Rustamjon Shamelov AQShning Vebster universiteti Toshkent filiali talabasi bo‘ldi. Shuningdek, Daler Dehqonov, Gulshan Bozorova, Sevinch Sultonova kabi o‘quvchilar ham imtiyozli ravishda yurtimizdagi OTMning talabasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 37-IDUM bitiruvchisi Jahongir Abdufattoyev Toshkent Turin politexnika universiteti, 43-maktab bitiruvchisi Hasan Mavlyanov hamda Paxtachi tumanidagi 2-maktab bitiruvchisi Adhamjon Abdurahmonovlar Vebster universiteti Toshkent filiali, Jomboy tumanidagi 40-maktab bitiruvchisi Nigina Sherbekova Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Urgut tumanidagi 36-maktab bitiruvchisi Diyorbek Turdiyev Malayziyadagi Cty universitetiga onlayn imtihonlar orqali o‘qishga kirganini iftixor bilan tilga olsak arziydi.

Ayni paytda yana bir muhim jihatga to‘xtalib o‘tish joiz. Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyatimizda shunday umumta’lim maktablari borki, ularda kamida 5-10 tagacha oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar bor. Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi maktablarni bitirgan o‘quvchilarimizdan 18 nafari oltin va kumush medal sohibi bo‘lgan bo‘lsa, ularning aksariyati tumandagi 1- va 56-maktablar hissasiga, Past Darg‘om tumanidan 59 nafar bitiruvchi oltin va kumush medallar olgan bo‘lsa, ularning aksariyati tumandagi 8-, 19-, 21- va 112-maktablar hissasiga, Paxtachi tumanidan 41 nafar bitiruvchi oltin va kumush medallar olgan bo‘lsa, ularning aksariyati tumandagi 11-, 21-, 22-, 36 va 45-maktablar hissasiga to‘g‘ri keladi. Narpay tumanidan 20 nafar o‘quvchimiz oltin va kumush medal sohiblari bo‘lgan bo‘lsa, ularning aksariyati tumandagi 33-, 57- va 64-umumta’lim maktablarida ta’lim olishgan. Bu ma’lumotni har bir tuman misolida yana uzoq davom ettirish mumkin. Ammo aynan biz sanab o‘tgan mana shunday maktablarda pedagoglarning xalq farzandini chinakam o‘qimishli qilishga bel bog‘lagani, sharafli kasbining mas’uliyatini chin dildan his etib, mehnat qilayotganini anglash qiyin emas. Aynan mana shunday o‘quvchilarga, ularning ota-onalariga, o‘qituvchilarga, maktab direktorlariga mingdan-ming rahmat. Bugun mana shunday muassasalarning yutug‘i, o‘qituvchilarning fidoyiligi, ota-onalarning o‘z farzandi taqdiriga befarq bo‘lmasdan, ustozlar bilan hamfikr, hammaslak bo‘layotgani boshqalarga namuna, ibrat maktabi bo‘lishi zarur.

Bilimdon o‘quvchilarimizning eng munosiblar qatorida oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritayotgani, bitiruvchilarimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgani, kelajakda mamlakatimizda mana shunday yuksak salohiyatli kadrlar yetishib chiqishining kafolatidir.

Yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, maktablarimizni 53 ming nafardan ziyod o‘quvchi bitiryapti. Endigi vazifa mana shu bitiruvchilarimizning barchasi OTMga o‘qishga hujjat topshirishlari shart. Mana, yuqoridagilaridan ma’lumki, ozgina intilishi bor, ustozlar bergan bilimni ozgina qunt bilan o‘zlashtirgan farzandlarimiz katta-katta yutuqlarga erishyapti. Men ishonamanki, mana shu 53 mingdan ortiq o‘quvchimizning barchasi OTMga hujjat topshirsa, ularning aksariyati talaba bo‘ladi.

Bundan buyon maktab ma’muriyatiga, o‘qituvchining salohiyatiga bitiruvchisi OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichiga qarab xulosa qilinishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Chunki bunday chora-tadbirni qo‘llashimizni davrning o‘zi taqozo qilyapti. Endi ta’lim sifati va samaradorligidagi past ko‘rsatkichni biror narsa bilan bahona qilishga hech qanday asos qolmadi. Sharoit bor, moddiy rag‘bat bor. Bugun past natija ko‘rsatganga bitta haqqoniy bahona bor: o‘z ustida ishlamaslik, loqaydlik. Shuning uchun ham biz bunday qat’iy tartibni joriy qildik. O‘ylaymizki, amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlarimiz o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi.

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.