Maktab o‘quvchilari qulog‘idan ziragini yechib olgan ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Andijonda qizaloqlarning qulog‘idan ziraklarini tunagan ayol ushlandi.
Voqea 26 noyabr kuni soat 12:30 larda sodir bo‘lgan. Fuqaro 26 yoshli Zulfiyaxon I. o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida maktab o‘quvchilari hisoblangan voyaga yetmagan 8 yoshli Rayyona Sh. va 7 yoshli Zarina A.larning yolg‘iz kelayotganligidan foydalangan holda ularga bayram tabrigi olib borishini aytib, Rayyona Sh., Zarina A.ning qulog‘idan 2 juft ziraklarini yechib olgan va hodisa joyidan yashiringan.
Shuningdek, 2020 yilning 27 noyabr kuni soat 13:00 larda fuqaro Zulfiyaxon I. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida Andijon shahar Amir Temur shohko‘chasida maktab o‘quvchisi, voyaga yetmagan 9 yoshli Munisa N.ni yolg‘iz kelayotganidan foydalanib, unga bayram tadbirida ishtirok etishini aytib, qulog‘idan bir juft ziraklarini yechib olib, hodisa joyidan yashiringan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, gumon qilinuvchi Zulfiyaxon I.dan jabrlanuvchilar Rayyona Sh. va Zarina A.larga tegishli bo‘lgan sirg‘alar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Zulfiyaxon I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.