Maktabda o‘quvchi qizlar tortishuvi aks etgan videoga izoh berildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi umumta’lim maktablarining birida o‘quvchi-qizlarning o‘zaro tortishuvi aks etgan video tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganda holat tumandagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Holatga aniqlik kiritilishicha, 2020 yil 12 fevral kuni soat 13:00 larda maktabning 7-sinf o‘quvchisi A.D. va 8-sinf o‘quvchisi E.H.lar bir-biriga hazil qilib, sochidan tortishgan. Oqibatda ushbu xatti-harakat tortishuvga sabab bo‘lgan.
Umumta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi Regina Begmatova, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulsum Nasriddinova, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gavhar Niyozovalar o‘z vaqtida voqea joyida bo‘lib, tortishuvning oldini olishgan.
O‘quvchi-qizlarning tortishuvi oqibatida hech kimga zarar yetmagan, jarohat olganlar yo‘q. Har ikkala o‘quvchilar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, ota-onalariga tushuntirish ishlari olib borildi. O‘quvchilarning yashash sharoiti, oilasidagi muhit o‘rganilganda, ijobiy xulosaga kelindi.
O‘quvchilar o‘rtasida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha huquq-tartibot organlari, mahalla faollari va ota-onalar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.