Maktablar mavsumga tayyor emas. Yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qoldi...
Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham oz fursat qoldi. Ayni kunlarda o‘qituvchilar jamoasi ta’tildan qaytib, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Xo‘sh, ta’lim muassasalarichi, yangi o‘quv yiliga tayyormi? Shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida Jomboy tuman hokimi H.To‘ychiyev sohaga mas’ul mutasaddilar bilan birgalikda umumta’lim maktablarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda “Jomboy tongi” xabar bermoqda.
Tumanimizda 56 ta maktab faoliyat yuritadi. Ularning barchasida iyun-iyul oylaridan ta’mirlash ishlari boshlangan.
– Aksariyat maktablarimizda joriy ta’mir ishlari yakuniga yetdi, – deydi xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi G‘ayrat Murodov. – Faqat ayrimlarida ish sustlashgan. Xususan, 46- va 13-maktab binosini ta’mirlash hanuz yakuniga yetkazilmagan.
46-umumta’lim maktabi tumandagi yirik maktablar sirasiga kiradi. Joriy yilda muassasa binosining tom qismi, isitish tizimi yangilanishi, shuningdek, yangi hojatxona qurilishi ko‘zda tutilgandi. Shartnoma asosida “Integral invest” MChJ va “Nizomjon Saidrasulov” xususiy firmasi tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar o‘z vaqtida bajarilmagan. O‘rganish jarayonida hojatxona qurilishi davom etayotgani, tom va isitish tizimi ham hali yakuniga yetmagani aniqlandi.
13-umumta’lim maktabida ham hojatxona qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ish shu paytgacha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. O‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolganiga qaramay, endigina poydevor qismi qurilibdi.
Bundan tashqari, 6-, 38-, 53-maktablar ham hozircha, mavsumga tayyor emas.
Tuman hokimi H.To‘ychiyev quruvchi tashkilot rahbarlari bilan suhbatlashdi. Ishni jadallashtirish, belgilangan muddatda foydalanishga topshirish mas’uliyati yana bir bor eslatildi. Aks holda, huquqiy oqibat yuzaga kelishi haqda ogohlantirildi. 13-umumta’lim maktabi hovlisida saf maydonchasi, 38-umumta’lim maktabining ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
2-, 14-, 29-maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ta’mirlash ishlari yakunlanmagani aniqlandi. Barcha binolarini mavsumga shay holga keltirish uchun 25 avgustga qadar yakuniy muddat belgilandi.