Mamatjon TURDIYEV: Muammolar o‘zimizniki, yechimni ham o‘zimiz topishimiz kerak

Viloyat teleradiokompaniyasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvi davomida Urgut tumani hokimi Mamatjon Turdiyev, sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlari aholidan tushgan 73 ta murojaatning 40 ga yaqiniga javob berdi.

Ko‘rsatuvda asosan uy-joy, elektr energiyasi, suv, yo‘l, tadbirkorlikni rivojlantirish, tibbiy soha, kanalizatsiya va aholini ish bilan ta’minlash kabi mavzulardagi savollar yo‘llandi.

Muloqot avvalida tuman rahbarlari o‘z sektorlari doirasida qilingan ishlar va navbatdagi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilda tumanda aholiga ko‘mir yetkazish va ko‘mir zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida ikkita ombor tashkil etilgan. Natijada, aholi 273 ming so‘mdan istaganicha sifatli ko‘mir xarid qilish imkoniga ega bo‘lgan. Shuningdek, tumanning aksariyat mahallasida ichimlik suv muammosi bartaraf etilgan. 2019 yil uchun ham ushbu maqsadlarga viloyat hokimligi tomonidan 3 milliard so‘m mablag‘ dasturdan tashqarai ajratilgan. Shu bois, tumanning ayrim hududlarida uchraydigan ichimlik suv tanqisligi bu yil bartaraf etiladi.

Shundan so‘ng fuqarolardan kelgan savollar o‘qib eshittirildi. Aholidan tushgan 10 ga yaqin murojaatga to‘rtta sektor rahbari tez fursatda yechim topilishini aytdi va qolgan savollar ham keyingi muloqotgacha hal etilishiga va’da berdi.

Shuningdek, ko‘rsatuvda o‘qilmay qolgan savollar bilan shug‘ullanish yuzasidan mas’ul korxona va tashkilot rahbarlariga ko‘rsatma berildi.

"Ochiq muloqot"dan so‘ng Mamatjon Turdiyev fikrlarini biz bilan o‘rtoqlashdi:

– Urgutliklarning asosiy muammolaridan biri tumanda kanalizatsiya tizimining yo‘qligi edi. Kanalizatsiya uchun tumanga 13 milliard so‘m ajratildi va ayni paytda qurilish ishlari ketyapti. Endilikda tumanning Mergancha massivida "Yangi Urgut shahri" barpo etiladi va u yerda 1406 xonadonga mo‘ljallangan 10 ta 12 qavatli uy hamda arzon uy-joylar quriladi. Shuningdek, joriy yil yakunigacha "Urgut savdo kompleksi"ning old qismida 5 qavatli, zamon talablariga mos keladigan avtoturargoh qurishni rejalashtirganmiz.

Ochig‘i, muloqot orqali tumandagi muammo va kamchiliklardan yanayam kengroq xabardor bo‘ldik. Bugun aholidan tushgan murojaatlar, ular aytayotgan muammolar hammasi o‘zimizniki. Shuning uchun imkon qadar ularni o‘rganib, yechim topishga harakat qilamiz. Oldingi "Ochiq muloqot"ga 60 dan ortiq fuqaro savol yo‘llagandi. Ularning 30 dan ortig‘ini o‘rganib, ijobiy hal qilgan bo‘lsak, 15 nafariga tushuntirish berdik. Qolgan fuqarolarning muammosi ham yaqin muddatlarda hal bo‘ladi.

Abdujabbor PO‘LATOV.