Mamlakatimizga qonunga xilof ravishda olib kirilgan uchuvchisiz uchadigan apparatlar jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga yangi norma kiritildi. Unga ko‘ra, uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar)ni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, deb yozmoqda davletovuz.

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, – uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;

g) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, – uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, – besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) odamlar o‘limiga;

b) halokatga;

v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, – sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.