Marafon: Ham sayohat, ham ziyorat, ham salomatlik

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorlikda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va turli soha vakillari ishtirokida “Sayohat – ziyorat – salomatlik” shiori ostida Samarqand shahri bo‘ylab yurish marafoni tashkil etdi.

Sayohat turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi

Marafon Ulug‘bek rasadxonasidan boshlandi. Yengil badantarbiya mashqlaridan so‘ng ishtirokchilar Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Samarqand shahar tarixi muzeyi, Hazrati Xizr majmuasi, Bibixonim jome masjidi, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi hamda Sadriddin Ayniy uy-muzeyi yo‘nalishi bo‘ylab harakatlandi.
- Bu marafonni tashkil etishdan asosiy maqsad turizmni rivojlantirish, - deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev. - Bu orqali Samarqandning qadimiy qadamjolariga ziyorat va bu tabarruk maskanlardagi sir-sinoatni yana bir bor o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish. Shuningdek, salomatlikni tiklash ham maqsad qilingan va albatta, mahalliy sayyohlar qamrovini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ziyorat ajdodlarimizga hurmatdir
Marafon doirasida davra suhbati ham tashkil etilib, bunday tadbirlarni ko‘proq tashkil etilishi ta’kidlandi.

- Ushbu marafon nafaqat sog‘ligimiz uchun foydali, balki buyuk ajdodlarimizga hurmatdir, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Toshpo‘lat Rahmatullayev. - Marafonda 11 ming 232 qadam, ya’ni 8 kilometrdan ziyod masofa bosib o‘tildi. Bu kutilmagan natija bo‘ldi. Chunki marafon oldidan "Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam" shiori ostida harakat qilishni ko‘zlagandik. Ammo tadbirning samarali tashkil etilishi maqsadimizni ikki baravardan ziyod "bajarish"imizni ta’minladi.

Sog‘ligimiz uchun foydali
Sayohat davomida ishtirokchilar yangi yo‘nalishlarda ham shunday marafonlarni tashkil qilish kerakligini ta’kidladi.
- Bunday tadbirlarni tashkil etish sog‘liq uchun foydali, - deydi Samarqand shahridagi 2-oilaviy poliklinika xodimi Ofiyat Jalilova. - Yurish inson tanasida qon aylanish tizimni yaxshilaydi. Ayniqsa, ochiq havoda sayr qilish immunitetni ko‘taradi.

Sayohat yakunida ishtirokchilariga kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari va kitoblar topshirildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.