Marhum Sindzo Abe Yaponiyaning eng oliy ordeni bilan taqdirlanadi
Bu haqda dushanba kungi yig‘ilishda Yaponiya hukumati qaror qildi. Kiodo agentligi xabariga ko‘ra, Abe zanjirli Xrizantema Oliy ordeni bilan taqdirlanadi.
Yaponiyada Oliy orden bilan kamdan-kam hollarda, qoida tariqasida, imperator oila a’zolari, taniqli siyosiy arbob yoki xorijiy davlat rahbarlari taqdirlanadi. 2019 yilda vafotidan keyin ushbu orden bilan taqdirlangan so‘nggi yapon siyosatchisi sobiq bosh vazir Yasuxiro Nakasone bo‘lgan.
Ma’lumki, 8 iyul kuni Yaponiyaning Nara shahrida Sindzo Abe maydonda chiqish qilayotganida suiqasd uyushtirilgan. 41 yoshli Tesuya Yamagami siyosatchining orqasidan, taxminan 10 metr masofadan ikki marta o‘q uzgan. Abe Nara tibbiyot universiteti kasalxonasiga yetkazilgach, besh soatdan keyin vafot etgan. Siyosatchi 67 yoshda edi.