Markaziy bankda byurokratiya yo‘q yoki So‘lim qo‘rg‘oniga bankomat o‘rnatilishi masalasi

Bugun qariyb barcha korxona va tashkilotlarda (albatta, to‘g‘ri va halol ishlayotgan tadbirkorlik sub’yektlarida ham) ish haqi plastik kartalarga o‘tkazib berilmoqda. To‘g‘ri, bugungi pandemiya sharoitida bu juda kerak.

Umuman, naqd pulsiz amaliyot foydalanuvchiga ham, davlat iqtisodiyotiga ham birdek foydali ekanligi rivojlangan davlatlar tajribasida isbotlangan.

Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham borki, bu mablag‘ni kartada olib yurishda muammo keltirib chiqarmoqda. Negaki, ko‘pgina tumanlar va qishloqlarda to‘lov terminallari yetarli emas. Tabiiyki, naqd pulsiz savdo qilolmaysiz yoki xizmatlardan foydalanishning iloji yo‘q.

Bu muammo nafaqat tumanlarda, balki Samarqand shahrida ham shundoq bo‘y ko‘rsatib turibdi...

So‘lim qo‘rg‘onidagi 3 ta – Chilquduq, Yoshlik, Navro‘z mahallalarida 1184 ta xonadon bo‘lib, ularda 1765 oila istiqomat qiladi. Mahalla faollarining murojaat qilishlaricha, ushbu maskanda birorta tijorat bankining filiali yoki aholiga xizmat ko‘rsatuvchi bankomatlar o‘rnatilmagan ekan.

Shu bois bank xizmatlaridan foydalanish, aksariyat hollarda plastik kartaga tushirilgan pensiya yoki boshqa mablag‘larni naqdlashtirish uchun bir necha kilometr yo‘l bosib, Sartepa hududiga borishga to‘g‘ri kelgan. Pandemiya sharoitida avtotransport vositalari, shuningdek, aholining ko‘chada erkin harakatlanishi cheklanishi yanada murakkablik keltirib chiqargan.

Mahalla raislari ushbu masalani hal qilishda yordam so‘rab murojaat qilishdi. Ushbu hududdan xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashiga saylangan deputat Husan To‘xtayev bilan masalani batafsil o‘rgandik. Aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida hududga bankomat o‘rnatish yuzasidan Markaziy bankning Samarqand viloyati boshqarmasiga taklif kiritdik.

Boshqarma mas’ullari ushbu masalani o‘rganishga xayrixohlik bildirishdi va mahalla faollari bilan bog‘lanib, uchala mahalla uchun eng maqbul bo‘lgan joyga bankomat o‘rnatib berishdi. Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu murojaat uchun boshqarma bilan bog‘liq birorta byurokratik to‘siqlar, masala atrofida gapni aylantirishlar, hattoki, yozma murojaatga ham o‘rin qoldirilmadi.

To‘g‘ri, So‘lim qo‘rg‘oniga hozircha birgina “Humo” tizimida ishlovchi bankomat o‘rnatildi. Kelgusida Markaziy bankning viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Uzkard” tizimida ishlovchi yana bitta bankomatni aholi xizmati uchun o‘rnatishni ko‘zlaganmiz.

Shohruh JO‘RAQULOV,

5-Sartepa saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.