Markaziy harbiy okrug poligonida yangicha yondashuvdagi amaliy otish mashg‘uloti ko‘rsatildi (foto)
Markaziy harbiy okrugdagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida doimiy jangovar shaylikdagi harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan katta masshtabdagi amaliy otish mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotda Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonidagi harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, batalon va vzvod komandirlari ishtirok etdi. Harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan ushbu namunadagi mashg‘ulot bosqichma-bosqich harbiy qismlar pog‘onasida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi.
Yangicha tizimdagi otish mashqlarida 40 dan ortiq o‘quv joylarida bir vaqtning o‘zida barcha mutaxassisliklar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bajarildi.
Shuningdek, otishga tayyorgarlik ko‘rish pozitsiyalari, o‘qning uchishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar (shamol, porox zaryadi, havo harorati va boshqalar) formulalar va qurollarni tavsifi aks etgan plakatlar, yozgi sinf xonalaridagi darslar askarlarni amaliyotgacha bo‘lgan tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Nishonlarning barchasi yakson etildi. Snayper, T-72 jangovar tanki ekipaji hamda D-30 artilleriya quroli mo‘ljalchi va o‘qlovchilarining birinchi zarbadanoq muvaffaqiyatlari qo‘mondonlik tomonidan alohida e’tirof etildi.
Ma’lumot o‘rnida, “Kattaqo‘rg‘on” poligoni hududi va salmog‘i jihatidan O‘zbekistondagi eng katta dala o‘quv maydoni hisoblandi. Bu yerda birinchi marotaba otish tayyorgarligidan katta masshtabdagi mashg‘ulot o‘tkazilmoqda.