Markaziy harbiy okrugda jangovar texnikalarni tashish uchun maxsus dala temir yo‘l inshooti qurildi (video)
Markaziy harbiy okrugga qarashli “Forish” tog‘ poligoni yaqinida navbatdagi Xalqaro armiya o‘yinlari va Mudofaa vazirligi miqyosidagi musobaqalarga jangovar texnikalarni tashish uchun maxsus dala temir yo‘l inshooti foydalanishga topshirildi.
Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tantanali tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov qurilish ishlarida yaqindan yordam bergan barcha xodimlar va harbiy xizmatchilarga esdalik sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirdi.
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda kunduzgi va tungi vaqtlarda ishlaydigan Chimqo‘rg‘on temir yo‘l hududida 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga maxsus dala temir yo‘l stansiyasi qurildi.
Jangovar texnikalar qo‘riqlash guruhi uchun maxsus jihozlangan har bir vagonga 150 million so‘m mablag‘ sarflangan. Ushbu vagonlarda jangovar xizmatni olib borish uchun bir qator qulayliklar yaratilgan.
Harbiy texnikalar bilan harakatlanayotgan poyezd okrug qo‘mondonligi tomonidan onlayn tarzda kuzatib boriladi.
Eskisidan farqli ravishda okrugda birinchi bo‘lib, qisqa muddatda platformaning yon tomonidan harbiy texnikalarni ortish ishlari amalga oshiriladi. Chiqish maydoni esa betondan qilinishi (avval temirdan foydalanilgan) og‘ir texnikalarning sirpanib, tushib ketishining oldini oladi.