Marvaridlar haqida nimalarni bilamiz?

Marvarid asrlar davomida ayollar bo‘ynini bezab kelgan. Uni Nil malikasi Kleopatra va ekran malikasi Elizabet Teylor taqqan. Shubhasiz, bir qator ulug‘vor marjonlar ayollar kechki libosining munosib bezagidir.

Bugun marvaridlar, ularning tarixi va ramziyligi haqida ma’lum bo‘lgan faktlar bilan tanishamiz.

Marvaridning ko‘p turlari bor

Keng tarqalgan fikrdan farqli o‘laroq, dengiz mollyuskalari tabiiy marvaridning yagona manbai emas. Marjonning kamida to‘qqiz turi bor, eng nodiri esa qora marvarid. Qadimgi Xitoyda qora marvaridlar ajdarning boshida paydo bo‘lganligiga ishonishgan.

Marvaridning boshqa turlari ham bor. Bularga madaniy (odamlar tomonidan o‘stirilgan), barokko (tartibsiz holda), biva (faqat Biva ko‘lida o‘sadigan), blister (ular chig‘anoqda yopishib qoladi), chuchuk suvdagi Mabe (madaniy marvarid) va munchoqlar (Viktorian davridagi mayda marvaridlar) kiradi.

Dunyodagi eng mashhur marvarid

Bilasizmi, dunyoda kaptar tuxumining kattaligiga teng keladigan “La Peregrina” deb nomlangan marvarid bor. Ispan tilida marvarid nomi “kezib yuruvchi” ma’nosini anglatadi. Bu marvarid 1513 yilda kashf etilganidan buyon qirollar va malikalarning bo‘ynini bezab kelgan.

Eng qadimgi marvarid

Insoniyatga ma’lum bo‘lgan birinchi marvarid fors sarkofaglarining birida topilgan. “Um-al-Kuvayn” deb nomlangan bu marjonning tayyorlangani miloddan avvalgi 5500 yillarga borib taqaladi. Uning diametri 0,07 dyuym (25,5mm)ga teng. Qizig‘i, qadimgi tosh tobut ochilganda marjon zarar ko‘rmagan.

Tabiiy marvarid bir kunda o‘smaydi

Marvaridlarning tabiiy o‘sishi olti oydan yigirma to‘rt oygacha davom etadi. Jarayon uzoq davom etishi ham mumkin: hammasi suvga va undagi mollyuskalarga bog‘liq.

Birinchi madaniy marvaridlar

XIX asr oxiriga kelib, marvaridlarga bo‘lgan talab shu qadar yuqori bo‘ldiki, marvarid ovlovchilari marjon yetkazishda ulgurolmay qolishdi. Bu masala 1900 yil atrofida Tasuxey Miz, Tokichi Nishikava va Kichichi Mikimoto birinchi marvaridlarni o‘stirishga muvaffaq bo‘lganida hal etildi. Bu jarayon yigirma yildan ko‘proq davom etdi va oxir-oqibat ularning mashaqqatli mehnati o‘z samarasini berdi. Bugungi kunda bozorda mavjud marvaridlarning 90 foizidan ortig‘i fermer xo‘jaliklarda yetishtiriladi.

Marvaridning haqiqiyligini tekshirishning ko‘plab usullari bor

Texnologiya madaniy marvaridlarni shu qadar benuqson qilib qo‘yganki, ba’zida hatto mutaxassislar uni aniqlashda qiynaladi. Biroq, marvaridlarni haqiqiyligini tekshirish usuli bor. Uni tishlarga surtish kerak. Agar sirti notekis va qo‘pol bo‘lsa, marvarid haqiqiy hisoblanadi.

Marvaridlarning ahamiyati

Asrlar mobaynida marvaridlar kishilarga turli taassurotlarni uyg‘otib kelgan. Qadim zamonlarda marvarid do‘stlik, unumdorlik va sadoqat ramzi bo‘lib xizmat qilgan. Demak, marvaridlar butunlay o‘ziga xos tarixga ega ekan. Bu insoniyat go‘zallikni qanday qabul qilgani bilan chambarchas bog‘liq. Uning ramziyligi esa ko‘p marotaba do‘stlik, sadoqat, o‘limdan tortib, xotira va nafislikkacha o‘zgarib kelmoqda.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.