Mashhur ixtirochining sirli o‘limi
Bugungi kunda «dizel» deyilganda hamma - temiryo‘lchilar, shofyorlar, dengizchilar jahonni zabt etgan dvigatelni tushunadi. Biroq tarixda shunday ism-sharifli ixtirochi – Rudolf Dizel bo‘lgani hech kimning xayoliga kelmaydi.
Rudolf Dizel Parijda mayda fabrikant oilasida tug‘ilgan. Otasi Bavariyadan Fransiyaga ko‘chib kelgandi. U xonavayron bo‘lgach, o‘g‘li o‘qishni davom ettirishi uchun uni Germaniyaga qarindoshlarinikiga yuborishga majbur bo‘ladi.
Rudolf Myunxen oliy maktabi tarixida eng yaxshi bitiruvchi edi. U bug‘ va sovutgich qurilmalar ishlab chiqaradigan zavodda mehnat qildi. Iqtidorli mutaxassis kunlardan birida muzeyda g‘alati eksponat – sigaret tutatgich (zajigalka) ni ko‘rib qolganida 30 yoshda edi. Yarim asr muqaddam noma’lum usta tomonidan yasalgan buyum porshenli yo‘g‘on shpiritsni eslatardi. Havo siqilganda katta harorat hosil bo‘lar va chaqmoq tosh chaqishidan pilik lip etib yonardi. Dizelda undan foydalanib, ichki yonish dvigateli yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. 1898 yilda patent oldi, biroq g‘oyaga da’vogarlar paydo bo‘ldi. Shu bois u o‘z ixtirosini sudda isbotlashiga to‘g‘ri keldi.
Dizel qo‘llab-quvvatlashni so‘rab, yirik tadbirkor Fridrix Krupp va boshqa ishlab chiqaruvchilarga murojat qildi. Ular bilan shartnomalar tuzdi, ixtirochi bilan amerikaliklar ham qiziqib qoldi. Dizel haqiqatan millionerga aylandi. Ammo uddaburon odamlar bu ixtiro orqali undan ham ko‘p pul ishlashardi.
Shunga qaramay, nemis firmalari tosh ko‘mir changi bilan, amerikaliklar esa neftni qayta ishlash mahsulotida ishlaydigan dvigatellar bilan qiziqdi. Uchinchi tomon – Rossiya ham bor edi, bu mamlakat o‘shanda jahondagi neftning yarmini qazib olayotgan edi. Shunga ko‘ra Dizelda Emmanuyel Nobel boshchilik qilayotgan “Branobel” jamiyati orqali rossiyalik tadbirkorlar bilan “asr bitimi” tuzish g‘oyasi paydo bo‘ldi. 1898 yilda bu haqida kelishib olindi. Muvaffaqiyat qozonilsa raqobatchilar burnini tishlab qolishi aniq edi...
Biroq Dizel boshiga e’tirozlar do‘lday yog‘ildi. Uni g‘oya o‘g‘irlashda ayblashdi, patentlari va ilgari tuzilgan barcha shartnomalari bekor qilindi. Ruxsatsiz dizel ishlab chiqarishga o‘zini haqli deb hisoblaganlar ko‘payib ketdi.
Dizelning asabi dosh berolmadi, bir necha marta kasalxonaga tushdi. Oilasiga tahdid solayotgan bankrotlikni tan olish uchun Dizelda kuch qolmagandi. Oxirgi topgan-tutganlarini xotini va bolalariga bo‘lib bergan Rudolf Dizel 1913 yilda Antverpendan La-Mansh bo‘ylab London sari suzib borayotgan “Drezden” paroxodida to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Uning halok bo‘lishida Amerika neft trestini ham, nemis maxfiy xizmatini ham ayblashdi, biroq dalil yo‘q edi. Rasmiy taxminga ko‘ra, u chuqur depressiya holatida o‘zini o‘ldirgan deb qo‘ya qolindi.
Shundaymikan? U kimlar bilan ishlayotgan bo‘lsa, uning o‘limi ular uchun suv bilan havodek zarur edi. Negaki, ixtirochi g‘oyasidan foydalanib, dvigatelni istagan kishi ishlab chiqarishi mumkin edi. Dizel halok bo‘ldi. Ammo ko‘p o‘tmay nomi jahon mashhur ixtirochilar qatorida ulug‘ nemis sifatida tilga olinishini bilmasdan ketdi.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.