Mashinalar nomlari qanday paydo bo‘lgan? Ular nimani anglatadi?

#O‘qing_qiziq!

Ehtimol, har bir kishi dunyoga mashhur avtomobillarning brendlari va logotiplari nimani anglatishini o‘ylab ko‘rgan bo‘lsa kerak. Misol uchun, “Mitsubishi” nishoni ishonchlilik, halollik va muvaffaqiyatni ifodalovchi 3 ta olmosdan iborat bo‘lsa, “Hyundai” logotipidagi «H»  harfidan 2 kishining qo‘l siqayotganini anglash mumkin.

ADME sayti avtomobil dunyosi tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tishga qaror qildi.

KIA

“KIA” konserni 1944 yilda tashkil etilgan va dastlab “Kyungsung Precision Industry” nomi bilan tanilgan korxona velosiped ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. Aynan shu zavodda Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan birinchi velosiped yig‘ilgan. Keyinchalik mototsikl yig‘ishga o‘tilgan va 1970 yillarga kelib avtomobillar ishlab chiqarila boshlandi. KIAning nomlanishini esa “Kelib chiqishi osiyolik” deb tarjima qilish mumkin.

Volvo

1907 yilda tashkil etilgan “Volvo”ning o‘tmishdoshi “SKF” brendi ostida sharikli podshipniklar ishlab chiqargan. Avtomobil ishlab chiqarish to‘g‘risida birinchi marta 1924 yilda gapirila boshlandi. Shunda “SKF” muhandislari past haroratda va notekis yo‘llarda bardosh bera oladigan mashinalar yasash haqida o‘ylanib qolishdi. Taniqli “Volvo” logotipi G‘arb madaniyatidagi eng qadimiy ideogrammalardan biri temirning alkimyoviy ramziy belgisiga o‘xshaydi. “Volvo” so‘zi esa lotin tilidan “men tebranyapman” degan ma’noni anglatadi.

Volkswagen

1930 yillarning boshlarida avtomobil oddiy nemislar uchun haqiqiy hashamat edi – 50 kishidan faqat bir nafarida bu transport vositasi bo‘lardi. 1933 yilda mashinasozlik sanoatiga o‘rta statistik nemis fuqarosi uchun hammabop mashina yaratish topshirildi. O‘sha paytda “Xalq mashinasi” deb nomlangan loyiha boshlandi – «Volkswagen» aynan shunday tarjima qilinadi. 1939 yilga kelib yangi zavodni bir nechta ko‘rgazma mashinalari tark etdi. Shundan so‘ng ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Subaru

Ilgari “Subaru” 1915 yilda tashkil etilgan “Fuji Heavy Industries” korporatsiyasi nomi bilan tanilgan. Uning asoschisi va prezidenti avtomobillar yaponcha nomga ega bo‘lishini xohladi va eng yaxshi nom uchun tanlov e’lon qildi. Birorta ham ariza qanoatlantirmagan rahbarning o‘zi "birlashish" fe’li va yapon tilidan "Atoqlilar to‘plami" deb tarjima qilinadigan "Subaru"ni o‘ylab topdi. Olti yulduzli "Subaru" logotipi ushbu brendni yaratishda ishtirok etgan 6 ta kompaniya ittifoqini aks ettiradi.

Audi

“Audi” tarixi 1909 yilga borib taqaladi. Ushbu kompaniyaning nomi uning asoschisi Avgust Xorka familiyasining lotin tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimasi bo‘lib, “tingla” degan ma’noni anglatadi. “Audi” asoschisi bu so‘zni biznes-hamkorining o‘g‘lidan eshitdi. Aynan u shu nomni berishni taklif qilgan.

Infiniti

1989 yilda Yaponiyada asos topgan “Infiniti” ingliz tilidan “cheksizlik” degan tarjimani beradi. Yaratuvchilarining fikriga ko‘ra, bu logotip ikki ma’noga ega; bir tomondan, oval ichida joylashtirilgan uchburchak cheksizlikka olib boradigan yo‘lni anglatsa, boshqa tomondan avtomobilning yapon kelib chiqishini ta’kidlab, Yaponiyadagi eng baland tog‘ Fudzi timsoli tushirilganligi haqida aytilgan.

Mazda

Garchi ushbu brend ostida uch g‘ildirakli yuk mashinalari ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, rasmiy ravishda kompaniya “Mazda” nomini 1984 yilda oldi. Ijodkorlar unga bu ixcham transport vositalarining qiyofasini yaxshilaydi degan umidda zardushtiylarning yorug‘lik xudosi Axura-Mazda nomini berishgan. Shuningdek, brend nomi konsern prezidenti Dzyudziro Matsuda ism sharifi bilan ham hamohang edi. “Mazda” logotipining “M” harfi bir juft qanotni aks ettiradi. Ushbu qanotlar kompaniyaning epchilligi, ijodkorligi, hayotiyligi va mustahkamligini eslatib turadi.

Jaguar

1920 yillarda mototsikllar uchun kolyaskalar sotgan hozirgi “Jaguar” kompaniyasi “Swallow Sidecar” yoki qisqacha “S.S.” nomi bilan tanilgan. 1945 yilda o‘tkazilgan yig‘ilishda rais Uilyam Layons “S.S."dan farqli o‘laroq “Jaguar” nomini biror bir boshqa xorijiy marka bilan adashtirib bo‘lmaydi”, deb aytgan edi. Yo‘lbarsimon yirtqich hayvonning havoda sakrab turgan aksi logotipi bilan chiqarilgan avtomobillar kishiga teran (fikran) jasorat, jo‘shqinlik, yorqinlik va kuchlilikni bog‘laydi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.