Mast yo‘lovchi YPX inspektorlariga jarohat yetkazdi

2020 yil 20 yanvar kuni soat 21:30 larda Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahri hududi bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlab, bodikameralar bilan xizmat olib borayotgan Sirdaryo tumani IIB YHXB YPXG katta inspektorlari E.Parmanov, S.Fayziyev hamda tumani IIB 2-son mahalla IIB YPX xodimi F.Alimbayevlar Sirdaryo shahar O‘zbekiston shoh ko‘chasida mastlik holatini aniqlash bo‘yicha reyd olib borayotgan vaqtida Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan J.H. Yangi Mirishkor qishlog‘ida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan B.U.ga tegishli bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomobilni hujjatlarsiz boshqarayotib, YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, shundan so‘ng YPX katta inspektori E.Parmonov “Lasetti” rusumli xizmat avtomobilida, YPX inspektorlari S.Fayziyev va F.Alimbayevlar bilan birgalikda “Neksiya” avtomobilini kuzatib borishgan. Ular to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangan transport vositasini Sirdaryo shahar Yangi hayot mahallasidagi “Mega lyuks” korxonasi yonida to‘xtatib, haydovchidan hujjatlarni taqdim etishini so‘rashgan.

Haydovchi J.H. boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligini ma’lum qilgan vaqtida “Neksiya” avtomobili yo‘lovchisi, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan J.P. yo‘lovchi o‘rindig‘i tomonidan tushib kelib, tizzasi bilan xizmat vazifasini bajarayotgan YPX inspektori E.Parmonovning qorin qismiga tepib, ko‘krak nishonini yulib olgan.

Shuningdek, YPX inspektori, serjant S.Fayziyev fuqaro J.P.ni tinchlantirmoqchi bo‘lgan vaqtida unga ham faol qarshilik ko‘rsatib, uning ham ko‘krak nishonini yulib olib, barmog‘ini qayirib sindirgan. YPX inspektorlari fuqarolar J.P. va J.H.ning shaxsiga aniqlik kiritish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida Sirdaryo tumani IIBga olib kelishgan vaqtida fuqaro J.P. o‘zining huquqbuzarligini yana davom ettirib, safdor F.Alimboyevning yuz qismiga bir marotaba kallasi bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Fuqaro J.P. alkotester ko‘rigidan o‘tkazilganda “alkogol mastlik” holatida ekanligi aniqlangan.

Hozirda bodikameralar xotiralari tekshirilib, Sirdaryo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.