Mas’uliyatli faoliyatingizni qadrlaymiz

Siz, azizlarni kasb bayramingiz – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etamiz.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari sizning mashaqqatli, mas’uliyatli faoliyatingizni qadrlaydi.
Matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda. Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.
Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid yangi qonun hujjatlari takomillashtirilib, ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili, sog‘lom tanqidiy ruh kuchayib borayotgani alohida e’tiborga loyiq. Chunki bunday islohotlar samarasi jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz.
Sherali YuLDAShEV,
xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri.