“Matiz yo‘lda yurgan tuyani urib yubordi, tuya joyida o‘ldi” sarlavhali videolavha o‘rganildi
Joriy yilning 21 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda Matiz yo‘lda yurgan tuyani urib uchirvordi, tuya joyida o‘ldi” sarlavhali videolavha tarqatildi.
Videolavhadagi holat IIV tomonidan o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 11 iyun kuni soat 23:45 larda haydovchi S.K. fuqaro D.L.ga tegishli “Matiz” rusumli transport vositasini tegishli me’yoriy hujjatlarsiz Toshkent shahar, Bektemir tumani hududida Oltintopgan ko‘chasi bo‘ylab, Bektemir shoh ko‘chasi tomonga boshqarib ketayotib, harakat davomida “Koka-kola” binosi qarshisida yo‘nalishi bo‘yicha oldinda haydovchiga nisbatan qarama-qarshi yurib kelayotgan ona tuyani urib yuborib, hodisa joyida o‘z vaqtida to‘xtamay, harakatda davom etishi oqibatida yo‘lning o‘ng qatoridagi ikkinchi tuyani ham urib yuborgan va transport vositasi ag‘darilgan.
Natijada, haydovchi S.K. tan jarohati olib shifoxonaga murojaat qilgan. Urilgan birinchi tuya jarohat olgan, ikkinchi tuya hodisa joyida o‘lgan.
Tuyalar fuqaro M.K.ga tegishli ekanligi aniqlanib, bog‘lab qo‘yilgan joyidan bo‘shalib, avtomobil yo‘liga chiqib qolganligi ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar, Bektemir tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.
Joriy yilning 7 yanvar kuni Bektemir tumani ma’muriy sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan fuqaro S.K.ga nisbatan BHMning 5 baravari, fuqaro D.L.ga nisbatan BHMning 3 baravari va tuyalar egasi M.K.ga nisbatan BHMning ½ qismi miqdorida jarima jazosi tayinlangan.