Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga yer ajratish rad etilmaydi
Prezidentimiz 2020 yil 17 fevralda “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Qonunga muvofiq maxsus iqtisodiy zona tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi:
- maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish dasturlarini va chegaralarini, ularning ustavlarini tasdiqlaydi, ma’muriy kengashlarni tuzadi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni, monitoring va nazorat qilishni amalga oshiradi;
- maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlarini belgilaydi, ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
- investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Maxsus iqtisodiy zonalar bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki ob’yektlari, ma’muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar alohida hollarda faqat farmatsevtika va agrar yo‘nalishdagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga yer uchastkasini ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:
⚫ erkin iqtisodiy zonalar;
⚫ maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
⚫ turistik-rekreatsion zonalar;
⚫ erkin savdo zonalari;
⚫ maxsus sanoat zonalari.
Shuningdek, bunday hududlarda qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish va ularning savdosini olib borish, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi bir qator faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Maxsus iqtisodiy zona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 30 yil muddatga tashkil etiladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish Prezident qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Erkin iqtisodiy zonalar hududida ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, kuchga kiradi.