Mehnat migranti o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtiriladi. Endi u qaysi soliqlarni to‘laydi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masalada ayrim tushunmovchiliklar bo‘layotgani sababli, masalaga biroz oydinlik kiritishga ehtiyoj tug‘ildi.
⚠️ O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromad solig‘i to‘lamaydi, ijtimoiy soliqni esa pensiya olish uchun ish stajiga ehtiyoj sezsagina to‘laydi.
🗓 2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi.
❕Ularga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi.
📘 Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
➡️ O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin, bu 2020 yil uchun kamida BHMning 50 foizi hajmida (111 ming 500 so‘m) belgilangan.
❌ Agar chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar O‘zbekistonda pensiya va ish stajiga ehtiyoj sezmasa, unda Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lashning hojati yo‘q.
❗️Ko‘rinib turibdiki, mehnat migrantlarining o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtirilishi ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.