Mehnat migrantining otaga maktubi: Migrant mehnatiga suyanadi

Assalomu alaykum, otajon!

Salomatmisiz, ukalarim, Anora xola ham eson-omon yuribdilarmi? Mendan salom aytib qo‘ying, sizlarni sog‘inganman.

Otajon, bilaman, siz hayron qolyapsiz, chunki men qirq yoshga kirib hech kimga xat yozmaganman. Agar yozganimda ham «aji-buji» harflarimni hech kim tushunmasa kerak, deb o‘ylayman. Bu gal Botir degan yigit yordam berdi. Institutda ishlagan, daromad izlab men kabi Uzoq Sharqqa kelgan ekan.

Yarim yil ichida bu inson bilan aka-uka bo‘lib qoldik. Ishdan keyingi suhbatlarda hayot haqidagi xulosalari, samimiyati bilan meni odam qildi, desam xato bo‘lmaydi. Bilasizmi, shu paytgacha ko‘p tengqurlarim qatori feysbuk degan narsaga yopishib olgandim. O‘shandagi yozuvlarni o‘qib, hayot haqiqati shu bo‘lsa kerak, deb yurardim. Aslida unday emas ekan, kitob o‘qib odatlanmagan odam feysbukdagi gap-so‘zlarning mag‘zini chaqmasdan «ura-ura» qilib yuraverarkan. Kitobda hikmat ko‘p ekan.

Endi ko‘p narsani tushunib yetayapman. Aslida oilamizdagi munosabatlarning chigallashishiga ham kitob o‘qimaganligimiz sababchimikin, deb o‘ylab qoldim.

Esingizdami, Bahrindagi eski, paxsadan bo‘lgan uyimizdan beshta bola maktabga qatnardik. Bitta sigir, o‘nta tovuq ro‘zg‘orni boqardi. Mahalla oqsoqoli Sizga, ayam rahmatliga qattiq dashnom bergandan keyingina 12 sotixlik tomorqamizning bir burchagiga sabzi, piyoz, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ekdik. Bobomdan qolgan qora uzum kasallansa ham, mevasi pishsa ham ishimiz yo‘q edi, suvrab ketgan uzumning huzurini sigir ko‘rardi. Sizni tomorqamizdan foydalanish, daromad olish haqida na fikringizni eshitdik, na bizni bunga undaganingizni ko‘rdik. Adashmasam, bola puliyu yana davlatdan har zamonda beriladigan yordam hisobiga yashardik.

Hozir zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, boy-kambag‘alning farqi qolmadi. Ilgari dunyoga qarash boshqacha edi. Biz oddiy dehqonning bolasi bo‘lganimiz uchun garchi havas, orzu qilsak-da har narsaga urinmasdik. Muallimlar ham shunday o‘ylashardi. Shu kayfiyatga ko‘nikkan edik. Aslida dunyoda boy va kambag‘al emas, shijoatli va aqlli, shodon va ishyoqmas odamlar bo‘larkan. To‘g‘risi, bu haqiqatni muhojir bo‘lib ishlaganimdan keyin, 40 yoshga kirganda anglab yetdim, aniqrog‘i, anglatishdi.

Otajon, anglagan haqiqatdan aslo ko‘z yumib bo‘lmas ekan.

Eng yomon narsa ko‘nikishga ko‘nikish ekanini angladim. Boqimandalik, davlat mablag‘ini bo‘lib yeyishga ko‘nikdik. Shaxsiy mulk orttirganlar yo qamaldi yoki ishdan olib tashlandi. Inson to o‘zi bir narsa yaratmaguncha hech narsaning qadriga yetmas ekan. Xayriyat, davlatimizda siyosat o‘zgarib, juda ko‘p muammolar barham topdi. Odamlarning mehnatga, mulkka munosabati o‘zgardi. Chetda bo‘lsam ham hammasini eshitib, ko‘rib turibman. Lekin shuncha imkoniyatdan keyin ham ishlashdan qochayotganlar, davlat mulkiga ko‘z olaytirayotganlarni ko‘rib, to‘g‘risi, nafsoniyatim qo‘zg‘aydi. Bu yerga hech narsasiz (qarz-havola qilib yo‘lga chiqqanimni yaxshi bilasiz) kelib, dastlab mardikorlik qilib (chunki rus tilini ham bilmasdim), asta-sekin kasb o‘rganib, daromad qilib, o‘zim korxona ochib ishlaganimdan so‘ng shu xulosaga keldim.

Bunday o‘ylab qarasak, garchi xitoyliklarning ishbilarmonlikka ishtiyoqiga qancha havas qilmaylik, bolalarni ishbilarmonlikka o‘rgatish bilan hech kim shug‘ullanmayapti. Agar mehnat darsida ul-bul yasaganimizni, pilla, paxta ishlaridagi ishtirokimizni, yomon o‘qigan bolalarning yoppasiga kasb-hunar kollejiga jalb etishni mehnatga yo‘naltirish deb hisoblab yurdik.

Men, to‘rt ukam, bir singlim ana shu siyosat, qolaversa, sizdek xokisor inson farzandi bo‘lganimiz tufayli o‘zimiz istamagan kollejlarda «o‘qidik». Singlimni maktabni bitirganidan bir yil keyin erga berib yubordingiz, u boyaqish darsga bormay, kolleji qayerda ekanini bilmay diplom oldi.

Otajon, musofirchilik oson ish emas. Bekorga xalqimiz «Musofir bo‘lmagan musulmon bo‘la olmaydi» demagan. Insonni musofirchilikka hayot, aniqrog‘i yetishmovchilik majbur qiladi. Butun dunyoda hali mardikorlarni ijtimoiy himoya qiladigan to‘laqonli qonun ham ishlab chiqilmagan. Albatta, bir umr Bahrindan chiqmagan, yilida bir marta – Navro‘zda Samarqandga borgan Sizga bu gaplarning hazm bo‘lishi mushkul, bilaman.

Ketishimda oilada sal noqulay vaziyat yuzaga keldi. Onam vafot etgandan keyin Siz uylangan Anora xola bizlarga mehr bera olmadi, o‘zi bilan kelgan qizini ko‘proq erkalatdi. Buning ustiga bizga ish topilmadi. 600-700 ming so‘m yegan-ichganimizga ham yetmadi. Shu sababli eski tanishlarni topib, uch aka-uka chetga ketishga kelishdik. Men Uzoq Sharqqa, Karim – Sankt-Peterburgga, Laziz Samaraga yo‘l oldik. Sal o‘zimizni tutib olgach, ikkovini ham yonimga olib keldim. Ammo ana shu muddatda boshimizdan ne qiyinchiliklar o‘tgani yolg‘iz o‘zimizga ma’lum. Shukr, hozirgacha hech kimga nolimadik, nolimaymiz ham.

Muhojirlikni bo‘yniga olish ham har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Ko‘rdik, havas-orzular bilan chetga chiqqanlarning qanchasi og‘ir mehnat va sharoitga chiday olmay, qaytib ketvorishdi.

Eh-he, mehnat muhojirlari haqida yurtimizda nima gaplar tarqalmadi, deysiz. Vaholanki, mehnat migratsiyasi xalqaro jarayon va hamma davlatda bor narsa. Chetda ishlab pul topishni hatto Vatanga xoinlik deguvchilar ham bo‘ldi. To‘g‘ri, migrantlarimizning ko‘pchiligi chetga norasmiy yo‘l bilan ketishardi. Axir buning rasmiy yo‘li korrupsiyaga botgan-da, ular nima qilishsin.

Shu o‘rinda yana bir ko‘ngildagi gapimni aytib o‘tmasam bo‘lmas. U ham bo‘lsa, «chetga chiqqanlarning hammasi ma’naviy buzuq» degan tuhmat alamidir. Migrant degani, eng avvalo, yaxshi to‘lanadigan, ishonchli ish joyi degani. Keyin bexavotir qo‘nimgoh bo‘lsa ishlaydi. Qorni to‘ygach, keyin topgan pulini tejab, Vataniga, qorako‘zlariga yuboradi. Menga alam qilgan joyi shundaki, yillar davomida menga o‘xshaganlarga yomon ko‘z bilan qarab kelishdi. Hatto byudjet egalari ham «Hoy, birodar, axir bular sizu bizga beminnat daromad keltirishyapti, o‘zini o‘zi band qilyapti» deb aytishga o‘zida kuch topa olmadi. Xayriyat, davlat rahbari jonimizga oro kirdi, qadrimizni tushundi.

Otajon, chetga ketganlarning hammasi Siz-u biz bilan yashab yurgan tanish odamlar. Ular mahorati yoki mehnatiga yarasha haq ololmagan, odamga o‘xshab yashashni orzu qilgan, biroq o‘z yurtida o‘sha davrda e’tibor topolmagan odamlar. Faqat kasbi yo‘qlar emas, oliy ma’lumotli mutaxassislar ham ketishdi.

Ma’naviy buzuqlik masalasini oddiy odamlar emas, o‘z aybini yopmoqchi bo‘lgan rahbarlar o‘ylab topishgan. Qancha odamlar chetdan topib kelgan puliga uy qurishdi, bolalar bog‘chasi ochdi, to‘ylar qildi. To‘g‘ri, musofirlik sharoitida oila buzilish hollari ham bo‘ldi. Lekin ularning sababini chetdan emas, o‘zimizning mahalladan qidirmoq lozim. Eri yoki xotini chetdan pul yuborib turganda, ularning juftlari bu mablag‘ni restoranu davralarda sarf qilganini kim inkor etadi? Bu voqealar ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgani va hamma unga befarq qaragani ham bor gapku, nima dedingiz? Qishloqda turib ma’naviy tubanlik ko‘rsatganlar soni chetdagilardan kam emasligini kim rad etadi?

Otajon, yomon fikrga bormang, men bu maktubni Sizga minnat yoki iddao uchun yozmayapman. Siz xoksor, olijanob insonsiz. Bizga imkoningiz darajasida otalik qilgansiz. Meni ushbu xatni yozishga O‘zbekiston davlati rahbarining xorijdagi mehnat migrantlarini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilgan qarorlari undadi. Kuni kecha viloyat hokimidan shahrimizdagi migrantlarni ijtimoiy himoya qilish markaziga xat keldi. Bayram bilan tabriklabdi, birgalikda ishlaymiz, takliflaringizni inobatga olamiz, depti. Ochig‘i, hammamiz quvondik, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganimizdan faxrlandik. Bilasizmi, ayrimlar anchadan buyon kutib yurgandi bunday munosabatni. Endi nasib etsa, O‘zbekistonda, o‘z qishlog‘imizda xorijdagi korxonalarimizga o‘xshash korxonalar ochish yo‘lini qidiramiz. Daromadli ishchi o‘rinlarga hamqishloqlarimizni olib kelamiz. Ular uchun yotoqxonalar, uylar qurishni rejalashtiryapmiz. Maqsad bitta, ishtiyoqimiz bormi, demak biz ham boy bo‘lish, shu orqali davlatimizni qudratli qilish choralarini ko‘raylik. Bir narsani sezdimki, otajon, hayotda men kabi qiynalgan, o‘z mehnati bilan biror narsaga erishganlar bu ishni yaxshi uddalashadi.

Eng asosiysi, mehnat migrantlariga madaniyat tashuvchi, daromad keltiruvchi shaxs sifatida qarashni o‘rganaylik. Butun dunyoda shunday. Axir manaman degan Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya aholisining bir qismi doimo mehnat migranti sifatida ro‘yxatda turganini yaxshi bilamizku, to‘g‘rimi?

Otajon, uzr so‘rayman, birinchi marta maktubimda ko‘p gaplarni aytib yubordim. Yuragimdagi gaplar bu. Sizga o‘xshaganlar ham, menga o‘xshaganlar ham bilsin, dedimda bu haqiqatni. Aslida men uchun Sizning sog‘lig‘ingiz, kayfiyatingiz muhim. Ishonavering, farzandlaringiz Sizni uyaltirib qo‘yishmaydi. Kelasi yili yetmish yoshga to‘lasiz. Nasib etsa, aka-ukalar qishloqqa borib, hurmatingizni bajo keltiramiz. Omonlikda ko‘rishguncha!

Hurmat bilan, katta o‘g‘lingiz Abduqodir.

P.S.: Maktub egasining iltimosiga ko‘ra, hozircha uning aniq manzili va familiyasini oshkor qilmay turamiz. U Samarqand viloyati qishloqlaridan birida tug‘ilib o‘sgan va bugun Xabarovsk o‘lkasida ishlayapti. Bosishga tayyorlash chog‘ida muallif roziligi bilan maktubning ayrim joylarini tahrir qilishga to‘g‘ri keldi. Bu fikrlar mehnat migrantlari haqidagi tasavvurimizni boyitadi, degan maqsadda, uni hukmingizga havola etayapmiz.

Farmon TOShEV.