Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 50 ming etib belgilanmoqda
Fuqarolarga pensiya ta’minlashda va yetkazib berishda qulay sharoitlar yaratilmoqda. Har oyning dastlabki kunlaridayoq, pensiyalar, nafaqalarning egalariga yetkazib berilayotgani inson omiliga e’tibor, uning qadr-qimmatining oshib borayotganidan dalolat beradi.
Ish haqi, pensiyalar, nafaqalar miqdorining oshirib borilayotgani esa fuqarolar turmush farovonligining yaxshilanishiga xizmat qilayapti.
Keyingi oylarda odamlar o‘rtasida ish haqi, pensiyalar, nafaqalarning navbatdagi oshirilishi qachon amalga oshirilishi haqida savollar paydo bo‘lgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 17 noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida bunday savollarga to‘liq javob topiladigan bo‘ldi.
Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7 foizga oshiriladigan bo‘ldi. Pensiya hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming so‘m, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 50 ming etib belgilanmoqda.
Prezident farmoni natijasida 4,5 million nafar fuqaroning pensiyasi va nafaqalari miqdori ko‘payadi. Bu 2023 yil hisobidan ikkinchi marta ish haqi, pensiya va nafaqalarning oshirilishi bo‘ladi. Umumiy hisobda esa yil mobaynida 14,5 foizga oshirilgani e’tiborlidir.
Fazliddin Jabborov,
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limining boshlig‘i.