Meksikada zo‘ravonlikka qarshi feministlar mitingida 80 dan ortiq odam jarohat oldi
8 mart kuni kamsitish va zo‘ravonlikka qarshi norozilik bildirgan meksikalik feminist (ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator siyosiy va ijtimoiy harakat)lar ayol-politsiyachilar ishlaydigan binoga o‘t qo‘yishdi. Meksika poytaxti Jamoat xavfsizligi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida 62 politsiyachi va 19 fuqaro jarohat oldi.
Kecha, 8 mart kuni Mexiko shahrida teng huquq va ozodlik kurashi sifatida birdamlik marshi bo‘lib o‘tdi. Poytaxt hukumati vandalizm (yodgorliklarni vahshiylarcha vayron qilish)dan himoyalash uchun tarixiy bino va yodgorliklarni oldindan to‘sib qo‘ydi. Namoyishchilar fikriga ko‘ra ayollarga nisbatan zulm muammosini boricha yoritmagan jurnalistlar aksiyadan chetlatilib, ularning kiyimlariga bo‘yoq surtildi. Olomon ichida bo‘lgan operatorlardan birining kamerasini sindirib, tan jarohati ham yetkazdi.
Aksiya shahar markazidagi Inqilob maydonidan boshlangan. U yerda namoyishchilarning radikal qismi 67 metrlik Zafar arkining lifti to‘sig‘ini buzishdi, so‘ngra bolg‘a va bo‘yoq bilan mustaqillik maydoniga - Milliy saroyga yo‘l olishdi.
Yurishning so‘nggi nuqtasi prezident balkoni bo‘ldi. Radikallar uning ostida binoning temir to‘sig‘ini buzishga muvaffaq bo‘lishdi. U yerda ularni qurolsiz kordon kutib oldi. Faollar to‘siq orasida turgan politsiyachi ayollarga olovli shishalar uloqtirishdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Meksikada har kuni 10 nafargacha ayol o‘ldiriladi. Milliy statistika va geografiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra 2020 yil yanvaridan iyungacha Meksikada 1844 ayol o‘ldirilgan. Bu vaqt mobaynida mamlakat favqulodda xizmatiga ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq 132 110 shikoyat kelib tushgan. 7 866 ta zo‘rlash va 21 ta odam savdosi qurbonlari ro‘yxatiga olingan. Meksikada ayollarga nisbatan jinoyatlarning 50 foizi jazosiz qolmoqda.