"Men bu bilan har kuni yashayman": «Nord-Ost» terakti xotiralari

O‘nlab xudkush ayollar, yuzlab kilogramm portlovchi modda va mingga yaqin garovga olinganlar - roppa-rosa 20 yil oldin terrorchilar Rossiyaning Dubrovka shahridagi teatr markazini egallab olishgan edi.

Uch kun davom etgan garovdan keyin maxsus kuchlar jangarilarni bir necha daqiqada yo‘q qildi. Ushbu operatsiya haqida hali ham ko‘p bahs-munozaralar mavjud. Birinchi navbatda, hujum paytida ishlatilgan falajlovchi gaz bilan bog‘liq farazlar tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Terakt va hujum natijasida, turli manbalarga ko‘ra, 130 dan 174 gacha odam halok bo‘lgan, 800 ga yaqin garovga olinganlar ozod qilingan. Hujum chog‘ida 36 nafar terrorchi yo‘q qilingan.

Dubrovka shaharchasida teraktdan omon qolganlar va qurbon bo‘lganlar oilalari 20 yil oldin jangarilar tomonidan qo‘lga olingan teatr markazida sodir bo‘lgan voqealarni eslashdi. 2002 yil 23 oktyabrdan 26 oktyabrgacha terrorchilar "Nord-Ost" musiqiy spektakliga kelgan 900 dan ortiq tomoshabinlarini, san’atkor va majmua ishchilarini garovga saqlagan edi.

Garovga olinganlardan biri Svetlana Gubareva teatrdagi mudhish «ssenariy»larni eslaydi:
“Nord-Ost” musiqiy filmining ikkinchi qismi boshlandi. Zalga bir guruh odamlar kirib kelishdi. Ulardan biri sahnaga chiqib avtomatdan o‘q uzdi va bizga bu terakt ekanligi, biz garovga olinganimizni aytdi. Bu 57 soat davom etdi... Lekin voqealar «quyqasi»da bo‘lganlar bu bilan umrining oxirigacha yashaydi. Ehtimol, kimdir buni unutishga muvaffaq bo‘lgandir. Men esa har kuni bu bilan yashayman".

«Ayrim huquq faollari xavfsizlik kuchlarini “juda qo‘pol ish tutganlikda”, ayniqsa gazdan asossiz foydalanishda aybladi. Rasmiylar qurbonlar va zaharlanish xususiyati haqidagi ma’lumotlarni yashirgan”, - deydi «Nord-Ost» garovidan omon qolganlar uyushmasi rahbari Dmitriy Milovidov. U Dubrovkada qizini yo‘qotgan:

“Erta tongda (26-oktyabr) biz terroristlarga hujum boshlanganini bildik. Keyin qurbonlar olib ketilgan kasalxonalar haqida xabarlar keldi. Odamlar qo‘ng‘iroq qilishar, ammo bu noto‘g‘ri xabar edi. Biz betinim qo‘ng‘iroq qilardik, o‘likxonaga chopdik. Aslida esa sud-tibbiy ekspertiza uchun yaqinlarimizni bizdan yashirishgani keyinroq ma’lum bo‘ldi”.

O‘shanda prezident Vladimir Putin The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida terroristlarni qo‘lga olish uchun Dubrovkadagi teatr markaziga bostirib kirishda ishlatilgan gaz zararsiz ekanligini aytgan edi. U xavfsizlik kuchlari va favqulodda xizmatlarga qo‘yilgan da’volarni qat’iyan rad etib, voqealar rivoji, jumladan, bosib olingan binoda uzoq vaqt qolish o‘limga olib kelganini ta’kidlagan.

Ushbu hujum bir necha yil davomida tekshirildi. Qo‘lga olingan jangarilar va ularning sheriklari 15 yildan 22 yilgacha bo‘lgan muddatga qamaldi. Londonda yashiringan Ahmad Zakayevdan tashqari tashkilotchilar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yo‘q qilingan deyiladi mahalliy matbuot xabarlarida.

G.Xoldorova tayyorladi.