“Men – soliq to‘lovchiman” aksiyasida samarqandlik yoshlar faol ishtirok etdi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Men soliq to‘lovchiman!” — “Ya nalogoplatelщik!” shiori ostida yoshlar o‘rtasida soliq madaniyatini shakllantirishga qaratilgan aksiya Samarqandda o‘ziga xos tarzda bo‘lib o‘tdi.

Unda 700 nafar umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari katta ishtiyoq va faollik bilan qatnashdi.

Aksiyada davlat soliq xodimlari yoshlarga soliq siyosatida bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot berib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

Soliq va soliqqa tortish sohasida bilimga ega kollej o‘quvchilari viloyat davlat soliq boshqarmasida tashkil etiladigan “Yosh soliqchilar klubi”ga taklif qilindi. Ular mazkur klubda boshqarmaning malakali mutaxassislari bilan yonma-yon faoliyat yuritib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eng faol qatnashchilar esa yozgi ta’tilda Davlat soliq qo‘mitasining “Xumson” oromgohiga taklif qilindi.

DSQ Matbuot xizmati.