Mening qahramonim - Erkinjon Turdimov
Oliy Majlis Senatining 28 fevral, juma kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi yalpi majlisida senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdi.
Shu yig‘ilishda o‘z fikrlari bilan barchani jamiyatimizda yashayotgan insonlarga e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirgan viloyatimiz hokimi Erkinjon Turdimovning so‘zlari menga juda ta’sir qildi.
“Haqiqatdan bu juda dolzarb masala. Shaxsan o‘zim ko‘p shug‘ullandim shu muammo bilan. Har bitta viloyatda kamida 150—200 nafardan qarovsiz bola bor. Bular kimlarningdir qo‘lida “qurol” bo‘lib qolyapti. Masalan, mehribonlik uyini tugatganiga 5—10 yil bo‘lgan bolalarning qariyb 30—40 foizi jinoyatga qo‘l urgan. Bizda aniq misollar bor. O‘zimizning shaharda bir-ikkitasini yetaklab yurishibdi: 35—40 yoshga kirgan, hech narsasi yo‘q, ikki, uch martalab jinoyat qilgan.
Alohida nizom qabul qilib, bu masalalarni dastur asosida yechmasak bo‘lmaydi. Chunki uy-joy qilishni hech bir tumanning ham, viloyat hokimiyatining ham byudjeti ko‘tarmaydi. Mahalliy byudjetga ruxsat bersa, biz deputatlar bilan kelishib, mehribonlik uyidan chiqqanlarni uy-joy bilan ta’minlay olamiz. Birgina misol, biz 8 nafariga uy ajratib berdik, yertaga topshiramiz. 15 nafariga yotoqxonalardan joy yaratib berdik. Hozir yana 16 nafariga boshlang‘ich to‘lovini to‘lab, uy masalasini yechyapmiz.
Lekin bular vaqtinchalik. Shuning uchun buni qaror qabul qilib, tartib bilan tizimli yechmasak, muammo bo‘lib qolaveradi. Eng yomoni, ko‘p jinoyatlar sodir etayotganlar ham shular bo‘lyapti. “Bomj”ga o‘xshab qolgan, g‘irt jinoyatchi bo‘lyapti bular. Jiddiy ahamiyat qaratmasak, ertaga yana jinoyatlar soni oshadi”, dedi Turdimov.
Juda to‘g‘ri fikrlar. Biz o‘zbeklar oila tashvishlari bilan bo‘lib o‘zbekchiligimizni unutib qo‘ymayapmizmikan? Mehribonlik uylarida mehrga tashna ko‘zlarni ko‘rib, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi. Davlatimiz bu bolalarga hamma imkoniyatlarni yaratib bermoqda, kiyim-kechak, yeb-ichishdan kamchilik yo‘q. Ammo mehribonlik uyidagi tarbiyachilar o‘zlarining onalaridek bo‘la olisharmikan? Yo‘q albatta hammasi ham emas. Ijtimoiy tarmoqlarda mehribonlik uyida yashayotgan voyaga yetmagan qizlarni muntazam zo‘rlab kelishganligi haqida ma’lumotlar, tarbiyachilarning ularga bo‘layotgan muomalasi odamda qahr va achinish hissini uyg‘otadi.
Shunday muhitda tarbiya olayotgan bolalardan nimani kutish mumkin? Menimcha, "och qornim, tinch qulog‘im", degan maqolni shu bolalar birinchi bo‘lib aytishgan bo‘lishsa kerak. O‘zbeklar urush paytlarida minglab yetim bolalarni o‘zining bolasidek mehribonlik ko‘rsatishgan. Qorni och bo‘lsa ham mehrdan ozuqa olishgan ular. Axir mehribonlik uyidagilar o‘zimizning farzandlarimizku?! Nima, ota-onasi boshqa bo‘lsa, o‘zbekmasmi? Yoki shu bolalarga mehribon bo‘lishimiz uchun och qolishimiz shartmi? Hurmatli hokim janoblariga kattakon rahmat aytaman - shu masalani ilgari surganligi uchun.
Rahmat sizga Erkinjon Turdimov. Siz mening qahramonimsiz...