“Mercedes-Benz” va “Nexia 3” to‘qnashishi oqibatida yong‘in kelib chiqdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 19 iyun kuni soat 08:50 larda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida haydovchi, 1984 yilda tug‘ilgan A.D. (erkak) “Mercedes-Benz” rusumli transport vositasida ortga qayrilib olayotgan vaqtda ushbu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi, 1992 yilda tug‘ilgan D.M. (erkak) boshqaruvidagi “Nexia 3” rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib, YTH sodir etgan.

To‘qnashuv oqibatida “Neksiya 3” rusumli transport vositasining dvigatel qismida yong‘in yuzaga kelgan va o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.

“Nexia 3” rusumli transport vositasi haydovchisi D.M. va yo‘lovchisi (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Barcha haydovchilardan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘raymiz.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizamati xabar berdi.