MIB: Qarzdorligi bo‘lmagan fuqarolarni bezovta qilmaymiz
Joriy yilning 20 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Karantinda pulsiz o‘tirgan aholiga kommunal to‘lovlarni to‘lamasa, sudga tortish bilan tahdid qilinmoqda» sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi.
Maqolada bayon qilingan holatlar o‘rganilib, holatga oydinlik kiritildi.
2017 yil 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda 2020 yil 15 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida davlat byudjeti barqarorligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolik-shartnomaviy kelishuvlar asosida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish belgilangan.
O‘rganish davomida Toyloq tumani Tuyoqli qishlog‘i, 71-uyda yashovchi S.Qarshiyev xonadonida zavod raqami 34288720 bo‘lgan “MERKURIY 201” rusumli elektr hisoblagich o‘rnatilganligi, hisoblagich “Elektr hisob” dasturida S.Qarshiyevning otasi H.Qarshiyev nomiga rasmiylashtirilganligi, ko‘rik davomida hisoblagich 5471 kVt ishlaganligi aniqlandi. Hisoblagich ko‘rsatkichi “Elektrhisob” dasturiga yuborilgandan so‘ng iste’molchiga vujudga kelgan 324 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi aniqlangan. Bu fuqaro to‘lov imkoniyatiga ega bo‘la turib, qarzdorlikka yo‘l qo‘yib kelgan.
Shundan so‘ng davlat inspektori F.Samadov tomonidan mazkur qarzdorlikni bartaraf etish to‘g‘risida 2020 yil 19 may kuni
№0013081-sonli talabnoma berilgan. Shuningdek, davlat inspektori F.Samadov tomonidan fuqaro S.Qarshiyevga sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilingan holda talabnoma berish davomida qarzdorlikni o‘z sharoitidan kelib chiqib, imkoniyati darajasida bartaraf qilishi mumkinligi tushuntirilgan. Biroq fuqaro buni to‘g‘ri tushunmagan holda ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan.
Darhaqiqat, davlat inspektori o‘z vazifasini bajarish chog‘ida boshqa qarzdor iste’molchilar qatorida S.Qarshiyevning uyiga borgan. Qarzdorlikni tushuntirib bergan va talabnoma bergan. Talabnomada qarzdorlikni vaqtida bartaraf etmasa, qonunchilikdagi mavjud choralar ko‘rilishi mumkinligini eslatgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Majburiy ijro byurosi xodimlari to‘lov madaniyati va ijro intizomiga rioya etuvchi va asosiysi qarzdor bo‘lmagan fuqarolarni bezovta qilmaydi.
Bu fuqarolarimizda foydalanilgan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirmasa ham bo‘lar ekan, degan noto‘g‘ri fikrni uyg‘otmasligi lozim.
Unutmaslik kerakki, hozirgi murakkab va aholining aksariyat qismi uyda bo‘lib turgan vaziyatda elektr va tabiiy gaz resurslari xonadonlarimiz farovonligi uchun muhim manba hisoblanadi.
Aholining asosiy qismi bu davrda o‘z uyida bo‘lishlari sababli energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortib, to‘lovlarning o‘z vaqtida, amalga oshirilmasligi qarzdorliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Qolaversa, xonadonlarimizga ushbu ne’matlar karantinli vaziyatga qaramasdan, soha xodimlarining mashaqqatli mehnati va ma’lum xarajatlar evaziga kirib kelmoqda. Energiya resurslari va qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarimiz avvalo, energiya resurslaridan to‘laqonli foydalanish hamda atrof-muhit muhofazasi, aholi salomatligi uchun ulkan hissa qo‘shadi.
Koronavirus pandemiyasi davrida iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida o‘z xonadonlaridan chiqmagan holda, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron tarzda “PayMe”, “Paynet”, “Click”, “UPay” va boshqa mobil to‘lov tizimlari orqali to‘lab borishlari mumkin.
Majburiy ijro byurosi vakolatlari doirasida qarzdorlardan undirilayotgan pul mablag‘lari byudjetimizning salmoqli hissasini tashkil etib, bular pensiya oluvchilarga, o‘qituvchi va shifokorlarning oyliklariga, boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladigan mablag‘lardir.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.