Mikroavtobus haydovchisi uxlab qolishi natijasida sodir bo‘lgan YTHda 7 kishi jabrlandi, ikki nafari vafot etdi

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida 2019 yil 19 iyul kuni soat 05.20 larda Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi 25 yoshli Sh.D. boshqaruvidagi “Gazel” rusumli mikroavtobusni “A.Navoiy” MFY hududidan o‘tuvchi “Termiz-Toshkent” yo‘lida haydab ketayotib, uxlab qolishi oqibatida yo‘l chetida to‘xtab turgan Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi 34 yoshli R.M. boshqaruvidagi “Mersedes-Bens” rusumli yuk avtomashinasini tirkamasining orqa qismiga urilib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Natijada “Gazel” mikroavtobusi yo‘lovchisi Buxoro viloyatida yashagan 1956 yilda tug‘ilgan N.A. ismli ayol jarohat olib, voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, “Gazel” mikroavtobusining uch nafar yo‘lovchilari jarohat olib kasalxonaga yotqizilganlar va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay bir nafar yo‘lovchi vafot etgan. Haydovchi Sh.D. hamda qolgan 4 nafar yo‘lovchilarga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.