Millatga muallimlar kerak
Yangi fanlardan dars beradigan muallimlarni tarbiyalash Mahmudxo‘ja Behbudiyning diqqat markazida bo‘lgan.
“Ulamo tarbiyaxonasi maktab va madrasadir. Agarda o‘shal maktab va madrasada muallim va mudarrislari olim bo‘lsa va shogirdlarig‘a ko‘ngli bilan ta’lim bersa, albatta, ilm hosil qilar. Agarda muallimni(ng) o‘zi, hozirgi aksar maktabdor va mudarrislardek, kam hafsala va yoinki kam ilm bo‘lsa, yoinki ilmi bo‘la turub, usuli tahsildan xabarsiz bo‘lsa, oni shogirdlari nodon qolur”(“Tujjor” gazetasi, 1907 yil 29 oktyabr).
Behbudiy bu bilan oliy ma’lumot beradigan madrasalar islohiga ham alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidladi. Turkiston madrasalarida tafsir, hadis, tib, tashrih, hay’at, handasa, iqtisod, siyosat, geografiya, tarix kabi fanlar o‘qitilmasligi bitiruvchilarning hayotda zarur bo‘lgan bilimlarsiz qolishiga sabab bo‘layotganini tanqid ostiga olib, boy va mutasaddilarni uning oldini olishga chorladi.
“Sukut saqlab yuraversak, besh-o‘n yildan keyin yanada nodonroq bo‘lib qolamiz, xor bo‘lamiz. Shuning uchun ham jim yurishimiz yetar! Diniy madrasa va maktablarimizni isloh etaylik!”(o‘sha manba).
Behbudiy o‘rta ta’lim olgan talabalarning ilg‘orlarini tanlab chet ellarning rivojlangan ta’lim muassasalarida o‘qitish taklifini ham bildiradi. “Madrasalarda sarfi va nahvi arabiy o‘qug‘on rushid talabalardan Turkiston va Buxoroni(ng) har bir shahridan aqal martaba to‘rt nafardan Misr al-Qohira tahsili ilmi diniy va falsafai zamoniy va adabiyoti arabiy uchun yubormoq kerak. Va bular Misrda uch yil muddat tahsili ilmg‘a mashg‘ul bo‘lub, so‘ngra Vatanimizg‘a kelib ilmi kalom, tafsir, hadis, adabiyoti arabiya va aqliyoti zamoniya ta’limiga ko‘shish qilsunlar”.
Behbudiy rahbarlik va homiylik qilgan maktablar ta’limi qanday natijalar bergan?
Bu savolga javob tariqasida ushbu maktablarga kelib, bolalar bilan gaplashgan tatar ma’rifatparvari Ismoilbek Gaspralining xotirotini e’tiboringizga havola etamiz:
“Maktabning yuztacha tolibi va uchta muallimi bor. Dasturida turkcha, forscha va arabchaning boshlang‘ich darslari, din ilmi, jug‘rofiya va tarix mavjud. Ohangini kelishtirib munojot, she’r o‘qish – maktabga xos bo‘lgan usul. Kichkintoy shogird o‘quvchilarni ko‘zdan kechirdik. Yaxshi tarbiya olganliklari, darslarni a’loga bajarishlari o‘zlarini tutishlarida, ko‘zlarida aks etgan nur va jasoratda zuhur etadi (Naim Karimov. “Mahmudxo‘ja Behbudiy”. T.:O‘zbekiston, 2011. 34-bet).
Bunday e’tiroflar o‘zimizning mulkdor va ilg‘or qarashli ziyolilar tomonidan ham bildirilgan. Buning mohiyatida Behbudiy ta’kidlagan mashhur fikr mujassam: «Dunyoda turmoq uchun ¬dunyoviy fan va ilm lozimdur, ilm va fandan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur».
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)