Milliy gvardiya xodimlari kanalga cho‘kayotgan ayol hayotini saqlab qolishdi

Joriy yilning 7 aprel kuni soat 09:45 larda Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasidan oqib o‘tuvchi “Qichqiriq” kanali atrofida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatining xodimlarini notanish yo‘lovchi to‘xtatib, kanalda odam cho‘kayotganligi yuzasidan xabar bergan.

Shundan so‘ng xodimlar tezkorlik bilan ko‘rsatilgan manzilga yetib borgan va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda kanal bo‘yidagi daraxtga tirmashib turgan fuqaroni suvdan arqon yordamida qutqarib olib, birinchi yordam ko‘rsatganlar.

Mazkur fuqaro Olmazor tumanida joylashgan 6-sonli IIBga yetkazilgan. U yerda fuqaroga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilib, mas’ul psixolog tomonidan suhbat o‘tkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Milliy gvardiya matbuot xizmati.