Milliy Kurash yana bir nufuzli sport o‘yinlari dasturiga kiritiladi
Ayni kunlarda Saudiya Arabistonning Jidda shahrida Islom birdamligi sport federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu yirik anjuman doirasida tashkilotga yangi prezident saylash kun tartibining asosiy masalasi edi. Saylov natijalariga ko‘ra, 2019-2021 yillar uchun tashkilotga prezident sifatida shahzoda Abdulaziz Bin Turki Al Faysal Al Saud saylandi.
Assambleyada saylov jarayonidan tashqari, Milliy olimpiya qo‘mitalari va Xalqaro sport federatsiyalari o‘rtasida qator sohalarni birgalikda rivojlantirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etyapti.
Biz uchun quvonarlisi, o‘zbek xalqining milliy sport turi hisoblanmish kurash endilikda Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritiladigan bo‘ldi.
“Biz tashkilot prezidenti va Bosh kotibi bilan kurashni Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritish masalasini muhokama qildik. G‘oya ma’qullandi. Biz Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Xaydar Farmon bilan ham bu masala bo‘yicha aloqaga chiqdik va u kishi ham fikrimizni qo‘llab-quvvatladi. Kurashni 2021 yilgi Islom birdamligi sport o‘yinlari dasturiga kiritish uchun kech bo‘lsa-da, 2025 yilgi musobaqaga qo‘shishning imkoni bor. Nasib qilsa, kurashchilarimiz Islom birdamligi sport o‘yinlarida ham o‘z mahoratlarini namoyish qilishadi”, – dedi Jasur Matchanov.
Bizni quvontiradigan jihati, kurash tobora ko‘plab kompleks sport musobaqalari dasturiga kirib bormoqda. Dastlab 2017 yili Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari, keyinchalik 2018 yil Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII Osiyo o‘yinlari dasturiga kirgan kurash endilikda Islom birdamligi sport o‘yinlari oilasida.
Eslatib o‘tamiz, Jakartada kurash bo‘yicha 7 vazn toifasida medallar jamlanmasi o‘ynalgan edi. Yaqinda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabax va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Xaydar Farmonning yurtimizga tashrif buyurgan va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan o‘tgan uchrashuvdan so‘ng keyingi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha 15 ta medallar jamlanmasi o‘ynalishi borasida kelishuvga erishilgan edi.