Miya jarohati tufayli “o‘z kasbini o‘zgartirgan” yoki dahoga aylangan odamlar

Umuman olganda, dahoning tug‘ilishi lotereyaga o‘xshaydi: agar omadli bo‘lsa, oddiy oilada Betxoven, Nyuton yoki Nikola Tesla kabi daholar tug‘ilishi mumkin. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin: hayotda jiddiy jarohatlar natijasida daholik o‘zini namoyon qilgan holatlar ham sodir bo‘lib turgan. Olimlar bu hodisani savant sindromi deb atashadi: u ba’zi odamlarga aqlbovar qilmaydigan qobiliyatlarni beradi. To‘g‘ri, ko‘pincha bunday daholik ularga juda qimmatga tushadi.

Quyida miya shikastlanishi natijasida muvaffaqiyatga erishgan odamlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Jon Sarkin

Jon Sarkin 30 yoshigacha oddiy hayot kechirdi, u oilaqurdi, o‘g‘lini tarbiyaladi va manual terapiya yordamida odamlarni davolardi. Bo‘sh vaqtida Jon golf o‘ynardi – aynan shu o‘yinlardan biri deyarli fojia bilan tugadi. 1988 yilda golf o‘ynab yurgan Sarkinning miyasiga qon quyildi.

Zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan Jonning miyasida jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi, shifokorlar uning miya to‘qimalarining kichik qismini olib tashlashiga to‘g‘ri keldi. Behushlikdan uyg‘ongach, sobiq manual terapevt rassomga aylandi! U syurreal tushlar ko‘ra boshlaganini va ko‘rganlarini xolstga tushirish istagi borligini aytdi. Jon Sarkin avvalgi ishini tashlab, rasm chizish va ganchkorlik bilan shug‘ullana boshladi.

Sarkinning iste’dodi muxlislarga yoqib tushdi, tezda uning hayratlanarli qissasi ommaviy axborot vositalarida tarqaldi. Miyadagi kichik bir kesik Jonni zamonaviy rassomga aylantirdi, uning asarlari deyarli 30 yil davomida butun dunyo bo‘ylab galereyalarda namoyish etilib kelinadi.

Ley Erseg

2009 yilda 49 yoshli Ley Ersegtik jarlikka tushib ketdi. Ayol boshi va orqa umurtqasidan jiddiy jarohat oldi. Shifoxonadagi muolajalardan so‘ng uning umurtqa pog‘onasi tezda normal holatga qaytdi: Ley tezda tuzalib, hatto nogironlik aravachasisiz  yurib ketdi,biroq uning bosh jarohatining holati biroz murakkabroq edi.

Baxtsiz hodisadan keyin Ley xotirasini yo‘qotdi: u bolaligini, qarindoshlarini eslay olmas edi, unda hatto his-tuyg‘ularni his qilish qobiliyati ham yo‘q edi. U tabassum qilishi yoki kulishi mumkin edi, lekin o‘zi nima uchun bunday qilish kerakligini ham tushunolmasdi.

Qarangki, bu yerda ham “tasalli beruvchi” super qobiliyatlar yordamga keldi. Ersegning so‘zlariga ko‘ra, u tovushlarni ko‘rish va ranglarni eshitishni o‘rgandi, shuningdek Ley ma’lum bir matematik qobiliyatlar egasiga aylandi. Endi u matematik tenglamalar asosida aniq geometrik shakllardagi tasvirlar yaratib, ajoyib rasmlar chizadi (qanday tenglamalar haqida gap ketishini faqat Leyning o‘zi biladi, rasmlar yaratish jarayonini u shunday izohlaydi).

Franko Manyani

1965 yilda italiyalik muhojir Franko Manyani yaxshi hayot ortidan San-Fransiskoga ko‘chib o‘tdi. Bir necha yildan so‘ng u bezgakka chalindi, kasalxonada yotqizilgan Franko telbalarcha yurib, o‘zini doimiy ravishda ona shahri Pontito ko‘chalarida ko‘rar edi. 10 yildan beri bolaligi o‘tgan shaharda bo‘lmaganiga qaramay, shahardagi har bir tafsilotni juda aniq tasvirlab berardi.

Shifoxonadan chiqqach, Franko o‘z tasavvurlarini moy-bo‘yoqqa solib, ifodalay boshladi. Manyani ilgari hech qachon rasm chizmagan bo‘lsa-da, uning birinchi rasmi juda aniq va ifodali bo‘lib chiqdi. Keyingi rasmlarda Frankoning miyasi o‘z shahrining uch o‘lchovli modelini yaratdi.

Qizig‘i, Franko boshqa joyni bunchalik mahorat bilan tasvirlay olmaydi. u 30 yildan ortiq vaqt davomida bolaligi o‘tgan shaharning burchaklarini fotografik aniqlikda chizib keladi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.