Mobil muxbir xabar qiladi: Urgutdagi stadion hech kimga kerak emasmi?

Futbolga qiziqaman. Mamlakatimiz futbol jamoalarining jahon chempionatlari va Olimpiada bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lganidan quvonaman.

Lekin bizning Urgutda futbolga e’tibor sustligi nafaqat meni, balki sportga qiziqadigan aksariyat urgutliklarning ta’bini xira qiladi.

Masalan, tuman markazida joylashgan markaziy stadionning qarovsiz holda ekanligi haqida ko‘p aytilgan, gazetalarda tanqidiy maqolalar berilgan.

Afsuski, bir paytlar millionlab so‘m sarflanib, yaxshi holatga keltirilgan stadion xarob ahvolga kelib qolgan. Stadionda qorovul yo‘q. Maydonda qoramol, qo‘ylar o‘tlab yuribdi. Binolarning eshik, deraza oynalari sindirib ketilgan. Kiyinish xonalari chiqindixonaga aylangan. Elektr hisoblagichlar sindirilgan.

Tuman va viloyatimizdagi futbolga mas’ul mutasaddilar stadionni foydalanishga yaroqli holga keltirisharmikan? Yoki bu stadion hech kimga kerak emasmi?