Bu yerda erkak va ayollar huquqi birdek himoya qilinadi

Samarqand viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi rahbari Mohira Azimova uzoq yillardan buyon bevosita xotin-qizlarning hayotiga oid masalalar bilan shug‘ullanib keladi. Mohira opa rahbarligida faoliyat yuritayotgan markaz xodimlari bor-yo‘g‘i uch nafar – rahbar, psixolog va ish yurituvchi. Ana shu kichik jamoa har yili yordam so‘rab murojaat qilgan yuzlab xotin-qizlar va erkaklarga beminnat ko‘mak ko‘rsatmoqda. Mohira Azimova bilan markazning bugungi faoliyati haqida suhbatlashdik.
– Mohira opa, fuqarolar asosan qaysi masalalarda ko‘proq murojaat qiladi?
– Ko‘proq oilaviy mojarolar, ziddiyatlar va uy-joy masalasida murojaatlar bo‘ladi. Hatto arzimagan, uyda er-xotin yoki qaynona-kelin tinchgina o‘tirib, hal qilsa bo‘ladigan masalalarda ham shikoyatlar tushadi. Aksariyat hollarda oila a’zolari o‘rtasida bir-birini tushunmaslik yoki tushunishga harakat qilmaslik, ishonchsizlik kuchayganini ko‘rish mumkin.
Ammo jiddiy tahqir ostida qolgan ayollar ham bor. Ularga tegishli yordam ko‘rsatib kelyapmiz. Masalan, Kattaqo‘rg‘on ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga kelgan murojaatni olaylik. Go‘dakligidayoq onasi tomonidan tashlab ketilib, turli shaxslarning qaramog‘ida voyaga yetgan Soliya (ismlar o‘zgartirilgan) 16 yoshida ona bo‘ldi. U hali turmushga chiqmagan qiz edi. Bolasini kimlargadir berib yuborishdi. Yoshgina, himoyasiz Soliya o‘z manfaati yo‘lida undan foydalanishni o‘ylaganlar orasida kun kechirardi. Nihoyat bir kuni vodiylik bir yigit uni yoqtirib qoladi. Uylanib, o‘z yurtiga olib ketadi. Ular uch nafar qizlik bo‘ldilar. Eri muntazam spirtli ichimlik ichgan. Keyinchalik u Soliyaning o‘tmishini eslatib, tahqirlay boshlagan. Ayolga nisbatan tazyiq kundan-kun kuchayib borgan. Tinimsiz tahdidlar ostida qolgan ayol endi o‘zini himoya qilishi kerakligini tushunib yetgan. Uning murojaatiga ko‘ra, ayol davlat himoyasiga olindi va markazga joylashtirildi. Farzandlari maktabga, bolalar bog‘chasiga, o‘zi esa ishga qo‘yildi. Shu bilan birga, imtiyozli kredit asosida yangi uy olishi uchun boshlang‘ich to‘lov davlat tomonidan to‘lab berildi. Soliya joriy yilning mart oyida yangi uyga ko‘chib o‘tadi. Hozircha u markazda yashab turibdi.
Afsuski, bunday achchiq qismat egalari kam emas. Ularning muammolarini hal qilish, avvalo, bunday noxush hodisalarning oldini olish uchun esa kompleks ishlarni amalga oshirish, fuqarolarimizning, ayniqsa, xotin-qizlarimizning huquqiy ongini yuksaltirish va shu orqali insonlarning bir-biriga nisbatan hurmatini shakllantirish lozim.
– Tumanlardagi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari qisqartirib yuborildi. Shundan so‘ng viloyat markaziga bo‘layotgan murojaatlar soni ko‘paydimi?
– Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hamda 2021 yil 6 oktyabrdagi "Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish borasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, oiladagi zo‘ravonlik muammolarini tahlil qilish hamda ushbu muammolarning dolzarbligi, xususiyatlari, sabab va oqibatlarini aniqlash, zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida markazning yillik ish rejasi va hamkor tashkilotlar bilan olib borilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Ayni paytda Samarqand viloyati hududiy markazi va namunaviy Kattaqo‘rg‘on markazi faoliyat yuritmoqda. Bizning faoliyatimiz asosini “1146” - Ishonch telefoni orqali va bevosita o‘zimizning ishonch telefonimizga tushayotgan murojaatlar bilan ishlash tashkil etadi desam, xato bo‘lmaydi.
Markazlar soni qisqartirilgach, murojaatlar ko‘paydi, deya olmayman. Chunki kelib tushayotgan barcha murojaatlarni hamkor tashkilotlar bilan hal qilishga harakat qilyapmiz. Masalan, 2021 yilda markazimizga jami 351 nafar shaxsdan murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 326 nafarini ayollar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, qolganini erkaklar tashkil etdi. Garchi himoya orderi berilayotgan ayollar soni oydan-oyga oshayotgan bo‘lsa-da, bu aslida zo‘ravonlikni yashirishni istamayotganlar soni ortayotganidan dalolat beradi. Misol uchun, o‘tgan yili 200 nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderlari berilgan bo‘lsa, oldingi yillarda bu raqam 100 ga yaqinni tashkil qilgan, xolos. Albatta, har bir murojaatchi bilan psixologimiz Nasiba Mamatova individual shug‘ullanib, og‘ir holatlarda ularni stressdan chiqarish borasida psixologik mashg‘ulotlar o‘tadi, ruhiy maslahatlar beradi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bizning samarali faoliyat yuritishimizda viloyat hokimligi tomonidan doimiy ravishda katta yordam ko‘rsatilib, markazimiz hokimlik mutasaddilari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, “Mehr-1”, “Mehr-2”, “Mehr-3” operatsiyalari doirasida xorijdagi urush o‘choqlaridan qaytarib olib kelingan ayollarni reabilitatsiya qilish, ularga turar joy va xonadonlar ajratishda berilayotgan beg‘araz ko‘mak uchun viloyat hokimligiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
– Suhbat davomida bir necha marta aytib o‘tdingiz, markazga erkaklar murojaati ham ko‘paygan deb. Ayting-chi, ular asosan qanday murojaatlar bilan qelishadi?
– Markazga erkaklar tomonidan kelib tushadigan murojaatlarning aksariyati xotinlari xiyonat qilgan yoki muomala madaniyatidan bexabar bo‘lgan ayollardan bezgan fuqarolardir. Bizga murojaat qilgan erkaklar, albatta, ism-familiyalarini oshkor etmaslikni so‘rashadi.
Gender tenglikni ta’minlash – jamiyatning har bir sohasida ayollar bilan bir qatorda erkaklar huquqlarini ham birdek ta’minlash nazarda tutiladi.
Nargis Qosimova suhbatlashdi.