MQKQ gaz ta’minoti korxonalariga 188 milliard so‘mlik asossiz olingan daromadlarini iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarining 2018 yil va 2019 yilning 1 choragida tadbirkorlik sub’yektlariga tabiiy gaz yetkazib berish borasidagi faoliyati o‘rganildi.

Ta’kidlash joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, iste’molchining faoliyat ko‘rsatish sohasidan kelib chiqqan holda  xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga tabiiy gaz yetkazib berish va uning narxini shakllantirishning alohida tartibi belgilangan.

Masalan, pishgan g‘isht, sement, asfalt ishlab chiqarish, shuningdek, ohaktosh va gipsni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, restoran, kafe, tantanalar o‘tkaziladigan boshqa ob’yektlar uchun tabiiy gazning oshirilgan tariflari qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, qonunchilikda tarif o‘zgargan holatlarda iste’molchi yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov to‘langan kundan e’tiboran keyingi keladigan 2 oy mobaynida qo‘shimcha to‘lov to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida respublika bo‘yicha 8 701 holatda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan belgilangan tariflarni asossiz oshirish va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan oldindan to‘langan to‘lovlarni hisobga olmaslik kabi qonunbuzilishlar aniqlandi.

Masalan, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Davr metall” MChJ tomonidan 2018 yilning fevral oyida iste’mol qilingan 58 157 m3  tabiiy gaz uchun belgilangan 263,4 so‘m o‘rniga 1000 so‘mdan haq hisoblangan. Oqibatda gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 42,8 million so‘m asossiz “foyda” olingan.

Shuningdek, “Gulobod Osiyo Parranda” MChJ tomonidan 2018 yilning 1 noyabr holatiga 34,4 milliard so‘m oldindan to‘langan summa hisobga kiritilmagan va 2018 yilning 1 noyabridan tariflarning oshishi munosabati bilan jamiyat qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzarlik holatlarini viloyatlar kesimida ko‘rib chiqamiz:

Buxoro viloyati bo‘yicha – 300 holatda 407,6 million so‘m;

Jizzax viloyati bo‘yicha – 620 holatda 1 942,5 million so‘m;

Qashqadaryo viloyati bo‘yicha – 516 holatda 88 019,9 million so‘m;

Navoiy viloyati bo‘yicha – 22 holatda 59 150,4 million so‘m;

Namangan viloyati bo‘yicha – 302 holatda 1 770,2 million so‘m;

Samarqand viloyati bo‘yicha – 3737 holatda 11 935,0 million so‘m;

Sirdaryo viloyati bo‘yicha – 56 holatda 119,5 million so‘m;

Surxondaryo viloyati bo‘yicha – 509 holatda 10 534,1 million so‘m;

Toshkent viloyati bo‘yicha – 1203 holatda 3 290,4 million so‘m;

Farg‘ona viloyati bo‘yicha – 23 holatda 240,0 million so‘m;

Xorazm viloyati bo‘yicha – 1413 holatda 10 866,3 million so‘mni tashkil etadi.

Umuman olganda, respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan davr mobaynida gaz ta’minoti korxonalari tomonidan jami 188,2 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingan.

Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga berilgan vakolatlar doirasida mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuni talablarining buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atildi. Asossiz olingan daromadlarni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda mintaqaviy gaz ta’minoti korxonalarida asossiz olingan daromadlarni xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati.