MTTlarda qish mavsumiga tayyorgarlik, zaxira omborida, oshxonada, me’yoriy ish hujjatlari yuritishda kamchiliklar aniqlanmoqda – o‘rganish natijalari bo‘yicha axborot beriladi
Kecha, 6 noyabr kuni Zarnews.uz saytida “Samarqand tumanidagi aksariyat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari talab asosida faoliyat ko‘rsatmayapti” sarlavhasi bilan maqola e’lon qilindi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki, joriy yilning 26 oktyabridan 30 oktyabrigacha viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a’zolari Samarqand tumanidagi MTTlarda o‘rganishlar olib bordi. O‘rganishlar doirasida tumandagi 1-, 4-, 19- va 24-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yo‘qligi, zaxira omboridagi salbiy, oshxonadagi antisanitariya holatlari, taomnomasiz ovqat tayyorlanishi, me’yoriy ish hujjatlarining noto‘g‘ri yuritilishi, obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘ldaligi, rahbarlarning mas’uliyatsizligi kabi muammo va kamchiliklar aniqlandi.
Ishchi guruhi tomonidan bu boradagi o‘rganishlar viloyatning barcha tumanlarida olib borildi va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan “Agar xulosa qilmasak, xalq bizni kechirmaydi” ruknida videolavha tayyorlanib, “Hokimlik soatida” mutasaddilar e’tiboriga havola etildi.
Muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi va hozirda shahar, tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. Maqolada keltirilgan Samarqand tumanidagi 1-, 6-, 9-, 13-, 25-, 35- hamda 39-MTTlardagi salbiy holat ham atroflicha o‘rganib chiqiladi. Natijalar haqida xabar beriladi.
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati.