Muftiy Usmonxon Alimov o‘zi ta’lim olgan Ishtixondagi maktabga kitoblar sovg‘a qildi
Bu haqda xs.uz xabar berayapti.
Prezidentimizning kitob mutolaasi orqali yoshlar ta’lim-tarbiyasini yaxshilashga oid tashabbusiga mos ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘zi ta’lim olgan Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, Orlot mahallasida joylashgan 70-umumta’lim maktabiga shaxsiy kutubxonasidan badiiy-ommabop va diniy-ma’rifiy adabiyotlarni sovg‘a qildi.
Ushbu kitoblar maktab o‘quvchilarining yanada chuqur bilim olishi, dunyoqarashi kengayishi va ma’nan kamolga yetishiga katta xizmat qiladi.
Muftiy o‘quvchi-yoshlarga ma’rifatli inson bo‘lish uchun, avvalo, yoshlikda puxta ilm olish zarurligi, ko‘p kitob mutolaa qilish kerakligi, maktab ta’limini yaxshi o‘zlashtirish muhimligini aytib, “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga yo‘nilgan naqsh kabidir” degan naqlni izohlab berdi. Imom Buxoriy bobomizning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, degan hikmatining mazmun-mohiyatini yoshlarga tushuntirdi.