Muhim ob’yektlar xavfsizligi qanday ta’minlanyapti?
Bu savolga Samarqand shahrida viloyat hokimligi, milliy gvardiya qo‘riqlash hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari ishtirokida “Muhim ob’yektlarni injener-texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlanishi hamda sanoat va yong‘in xavfsizligi ta’minlashni tashkillashtirish" mavzusida tashkil etilgan o‘quv-seminarda javob izlandi.
"Samarqand magistral elektr tarmoqlari" filialidan tashqari Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo kabi respublikamizning yetti viloyatidan kelgan soha mutaxassislari ishtirok etgan seminarda mutaxassislar hududlardagi muhim ob’yektlarni qo‘riqlash, harbiy xizmatchilarni harbiy tayyorgarligini yuksaltirish yuzasidan qilinayotgan amaliy ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi yuqori kuchlanishli nimstansiyalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim-malakasini oshirish, harbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, sanoat va yong‘in xavfsizligi masalalari yuzasidan tegishli o‘quv seminarlari hamda mashg‘ulotlar o‘tkazish belgilangan.
- Viloyatimiz hududida turli toifadagi 7 ta podstansiya aholiga elektr energiyasi yetkazib berishga xizmat qilmoqda, - deydi Samarqand magistral elektr tarmoqlari filiali direktori Fayzulla Qurbonov. – Ulardan eng yirigi Urgut tumanidagi «So‘g‘diyona-500» podstansiyasi hisoblanadi. Shu sababli ushbu ob’yekt milliy gvardiya, FVB, ichki ishlar kabi maxsus xizmatlar tomonidan qattiq qo‘riqlanadi.
Seminar ishtirokchilari ushbu 500 kVli «So‘g‘diyona» podstansiyasida ham bo‘lib, harbiylashtirilgan bo‘linmalarning toifalangan ob’yektlarini qo‘riqlash va mudofaa qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar hamda maxsus taktik-o‘quv mashqlarida bevosita ishtirok etishdi.
Dilmurod To‘xtayev.