Muhojirlarga yo‘l haqi, patent va sug‘urta xarajatlari uchun past foizli kreditlar beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlardagi yirik ish beruvchilar bilan muzokara o‘tkazib, ishchi va mutaxassislar yuborishni ko‘paytirish, mehnat migrantlariga yo‘l haqi, patent va sug‘urta xarajatlari uchun 10 million so‘mgacha past stavkada kreditlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mehnat migrantlari hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash uchun xorijdagi fuqarolarni himoya qilish jamg‘armasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sog‘lig‘i, farzandlarining o‘qishi va boshqa ehtiyojlariga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.