«Muhtasham yuz yil»dagi bayram daraxti
Bilasizmi, Usmonlilar imperiyasida ham daraxt bezash odati bor edi? Lekin bu Yangi yil yoki Rojdestvo bilan bog‘liq ramz bo‘lmagan. Bu daraxt Nahil-og‘achi deb atalgan.
Nahil-og‘achi (Nahil Ağacı) to‘g‘ridan-to‘g‘ri "palma daraxti" deb tarjima qilinadi. Mo‘l-ko‘l shamlar, gullar, lentalar, mevalar, tangalar va boshqa bezak elementlari bilan bezalgan sun’iy daraxt yog‘ochdan, metalldan, ba’zan esa qimmatbaho metallardan yasalgan, faqat shakli palmaga monand bo‘lgan.
Nahil-og‘achini yaratish an’anasi Usmonlilar to‘ylari, sunnat to‘ylar va boshqa muhim bayramlarning ajralmas qismi edi. Farovonlik, unumdorlik va quvonch ramzi hisoblangan daraxt tadbir tashkil etuvchi oilaning boyligi va mavqeini ta’kidlardi.
Tarixiy qahramonlar va qiziqarli faktlar
Nahil-og‘achi Usmonlilar imperiyasining «lola davri» hisoblangan hukmdor Sulton Ahmad III davri yilnomalarida tilga olinadi. Bu davr chinakam san’at va madaniyatning gullagan davriga aylandi. O‘sha paytlarda Nahil-og‘achi shu qadar dabdaba bilan bezatilganki, daraxt bayram atributidan ko‘ra ko‘proq san’at asariga o‘xshab ketardi.
Shuningdek, nahil-og‘achi Sulton Sulaymonning bosh vaziri Ibrohim poshshoning to‘yida hashamatli marvaridlar, zar iplar va oltin bilan bezalgan holda «ishtirok» etgan.
25 metrlik daraxt
Nahil-og‘achi kattaligi bilan hayratda qoldirardi. Bu daraxtlarning balandligi 25 metrga yetishi mumkin edi va ularni ko‘tarish uchun 100 kishi kerak bo‘lgan. Ba’zan bu ulkan inshootlar shunchalik katta bo‘lganki, ularni ko‘chalarda namoyish qilish maqsadida yo‘l ochish uchun uylar buzilgan. Shu tarzda 1612 yilda Ahmad I ning to‘y marosimida o‘ttizga yaqin uy buzildi. Kyeyinchalik bu uylar davlat hisobidan qayta tiklandi.
"Muhtasham yuz yil"dagi Nahil-og‘achi
Mashhur “Muhtasham yuz yil” seriali tufayli Usmonlilar an’analariga qiziqish yana jonlandi. Ushbu serialda nahil-og‘achi daraxtlari bor sahnani ko‘rish mumkin. Bu “daraxtlar”ning bir nechtasini kuyov Haticha Sultonning oilasi yashagan To‘pqopi saroyiga olib keladi.
Bir qatra majoziylik
Yangi yil archasi yangilanish va hayot ramzi bo‘lsa, nahil-og‘achi Sharq madaniyatining an’anaviy qadriyatlarini - gullar - go‘zallik va unumdorlik, shamlar - bilim nuri, mevalar – boylikni aks ettiradi. Hatto undagi tangalar ham farovonlik istagi haqida gapiradi. Ba’zilar ushbu «daraxtlar»ga o‘z tilaklari yozilgan qog‘ozlarni ilib qo‘yib, niyatlari amalga oshgani haqida gapirishgan.
Bugungi kunda nahil-og‘achi an’anasi deyarli unutilgan, biroq tarixchilar va turk madaniyati ixlosmandlari bu san’atga qiziqishni jonlantirishga intilib kelmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.