Munosabat berildi, biroq hech narsa o‘zgarmadi

Sayt va kanallarimizda e’lon qilingan ba’zi masalalarga tegishli tashkilotlarning munosabat bildirgani yaxshi albatta. Ammo muammo muammoligicha qolaversa, yechim ko‘rsatilmasa, loaqal taklif berilmasa bu munosabatdan nima naf?

Oldinroq “Bo‘ldi ajab hangomalar: “Mahalla” jamg‘armasining soliqdan qarzini XDP to‘lashi kerakmi?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Qisqa qilib aytganda unda, nega bir tashkilot uchun boshqa tashkilot nofaol tizimga o‘tib qolishi kerak, bir tashkilotda rahbar bo‘lib ishlagan odam boshqa tashkilotga ishga o‘tsa, tashkilot qarzi ham “ko‘chib” o‘tadimi kabi savollar o‘rtaga tashlangan.

Viloyat davlat soliq boshqarmasining holatga munosabatida ham shu holat qayd etilgan, bizga ma’lum sabab ko‘rsatilgan. Ammo qanday qilib masalani hal etish ochiqligicha qolgan. Majoziy qilib aytadigan bo‘lsak, bu xuddi boshim og‘riyapti, deb borgan bemorga shifokorning rostdan boshingiz og‘riyapti, deya tasdiqlashiga o‘xshaydi.

Shu sababdan ayrim savollarni takrorlashga majburmiz: Agar bir tashkilot vakili ikkinchi tashkilotga ishga o‘tsa, tashkilot qarzi ham “ko‘chib” o‘tadimi?  Agar tashkilot rahbarining sobiq ishxonasi qarzni to‘lamasa keyingi tashkilot ham qarz bo‘lib yuraveradimi shunda?

Bunday holatda muammo qay tartibda hal etiladi? Buning osonroq tartibi ishlab chiqilganmi o‘zi? Agar bu inson omili bilan bog‘liq bo‘lmasa, avtomatlashgan tizimning kamchiligi bo‘lsa, bu tizim qachon mukammallashtiriladi? Ungacha bir tashkilotning qarzini ikkinchi tashkilot to‘lab yuradimi?

O‘ylaymizki, mutasaddilarning muammoning faqat sababini emas, yechimini ham ko‘rsatishadi.