Murojaatdan keyin ham Urgutdagi ko‘p qavatli uylarga tabiiy gaz berilmayapti
Urgut tumanida mavjud 40 ta ko‘p qavatli uydan 11 tasi yangi qurilgan, 29 tasining ayrimlari ta’mirga muhtoj.
– Ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga “Zuhro Sanam” va “Bog‘ishamol uy-joy kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatiladi, – deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Nodir Shodiyev. – Shirkatlar tomonidan ba’zi uylarning tom, kirish yo‘laklari va fasad qismlari ta’mirdan chiqarilib, tungi yoritkichlar o‘rnatildi. Ammo bir necha yildan buyon 29 ta ko‘p qavatli uylarga tabiiy gaz yetkazilmayapti. Bu muammoni hal etish bo‘yicha viloyat hokimining tumanimizda o‘tkazgan sayyor qabulida “Samarqand hududgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga topshiriq berildi. Ya’ni, bu yil gaz berilishi chorasi ko‘rilmoqda.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi oldidan ko‘p qavatli uylargacha ikki kilometr masofada oqova tarmog‘i tortilib, markaziy tarmoqqa ulandi. Ko‘p qavatli uyda yashovchilar qishda ko‘mir yoqadi.
Navbog‘ mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda bo‘lganimizda xonadonlarga tabiiy gaz berilmaganiga guvoh bo‘ldik. Uylarning fasadi va tomi sifatsiz ta’mirlangani uchun yomg‘ir suvi tarnovdan emas, ulangan joylaridan oqar ekan.
– Tabiiy gaz berilmagani uchun elektr uskunalari va gaz ballonlardan foydalanib kelyapmiz, – deydi 11-uyda yashovchi Habiba Sharopova. – Qishda uyni isitish uchun qo‘lbola pechdan foydalanamiz. Shuning uchun yerto‘lada ko‘mir va o‘tin zaxirasini g‘amladik.
Birinchi qavatda yashaymiz, yerto‘la zax, ichimlik suvi quvuri yorilgani uchun suv oqyapti, yomg‘ir suvi ham shu yerga tushadi.
Shu manzildagi 9“A”, 11-va 13-uylar yerto‘lasi chiqindi bilan to‘lgan, ba’zilariga kirish eshigi ham o‘rnatilmagan. Aholi yashash uylarining deraza romlari va devorlaridan mo‘rikonlar chiqarilgan. 9-uyning orqa fasad qismi achinarli ahvolda, bolalar maydonchasi qarovsiz.
Hududdagi mavjud holat bilan tanishayotganimizni eshitib, “Biz yashayotgan uyning ahvolini ko‘ringlar, gaz ham, ichimlik suvi ham yo‘q”, deya bizni uyi tomon boshladi onaxon.
– Mana, o‘n yildirki, ichimlik suvi muammo, – deydi 19“A”-uyda yashovchi Mahbuba Kamolova. – 32 ta xonadonda yashovchilar uyimiz oldidagi korxonadagi quvurdan idishlarga suv to‘ldirib olmasak, bu ham qurib qoladi. Ko‘p yillardan buyon tabiiy gaz yo‘q.
Qish kelguncha hamma o‘tin, ko‘mir g‘amlashga tushadi. Bundan tashqari, uyimizning tom qismi ta’miri oxiriga yetkazilmagani uchun yuqori qavatlarga suv o‘tyapti. Bu haqda bir necha bor mutasaddilarga murojaat qildik, ammo natija bo‘lmayapti. Viloyat hokimining o‘tgan hafta tumanimizda o‘tkazgan sayyor qabulida ham ushbu masalani aytdik, hal bo‘lishiga umid qilyapmiz.
Bog‘ishamol mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning fasad qismi, kirish yo‘laklari nuraganini ko‘rdik. 32-uy oldida bolalar maydonchasi yo‘q. Uyning orqa tomonidagi maydonni o‘t bosgan, chiqindi ham bor. Uylarni ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish masalalari yuzasidan “Zuhro Sanam” hamda “Bog‘ishamol uy-joy kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari raisi Najmiddin Obloqulov bilan telefon orqali bog‘landik.
- Uylar 2017-2019 yillarda “Shahzodbek adolat servis”, “Toshariq servis”, “Sherxon” MChJ qurilish korxonasi tomonidan ta’mirlangan, - deydi N.Obloqulov. - Vaqt o‘tishi bilan qayta ta’mirga kelib qoldi. Shuningdek, yerto‘ladagi quvurlarni ta’mirlash, bolalar maydonchasini qurish ishlarini 2021 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan. Ammo aholi tomonidan badal pullari to‘lanmayapti. Bugungi kunda aholining shirkatdan 700 million so‘mdan ortiq qarzi bor. Shu sabab yuqoridagi muammolarni hal etishning imkoni bo‘lmayapti. Hatto mablag‘ yo‘qligidan shirkatlarimizda na texnik, na farrosh bor. 19“A”-uyga va shu hududdagi ikkita uy uchun 2021 yilda tuman suvoqova tashkiloti tomonidan artezian qudug‘i qazilib, ichimlik suvi bilan ta’minlanishi belgilandi. Gaz masalasida tuman gaz idorasi bilan ishlayapmiz. Tez orada uylar oldidagi gaz taqsimlash uskunalari qayta ko‘rib chiqiladi hamda xonadonlarga ulash ishlari bajariladi.
Maktablarga ko‘mir berilgan, ammo qishda isitilmaydi
Tumanning Mergancha mahallasidagi 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabi atrofining qariyb 400 metrdan ortiq qismi to‘siq bilan o‘ralmagan. Isitish qozonlari va mo‘rikonlar tozalanmagan, sinovdan ham o‘tkazilmagan. Sport maydonchasi atrofi va “farroshlar xonasi”da ham chiqindi bor. Sinfxonalarda yoritkichlar yo‘q, borlari ham yaroqsiz.
Shodlik mahallasidagi 86-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori Ismatillo Rajabov ko‘mirga moslashgan 3 ta qozonxonani ko‘rsatib, nosozligini aytdi. Maktabdagi yana bir muammo – sport zali sovuq kunlarda isitilmaydi, buning uchun alohida qozon o‘rnatilishi kerak ekan. Bu borada mutasaddilarga murojaat qilingan. Ammo natija yo‘q.
Guliston mahallasidagi 1964 yilda qurilgan 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi sinfxonalar ko‘mir bilan isitiladi. O‘quv jihozlari eskirgan. Xonalardagi yoritkich chiroqlarning o‘rni bor, xolos, elektr simlari ochiq holatda. Ayrim xonalarning poli ta’mirtalab. Maktabning 2018 yilda qurilgan yangi binosida sharoit yaxshi.
Tog‘ etagidagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ayni paytda 1-8-sinf o‘quvchilari karantin qoidalariga amal qilingan holda o‘qitilyapti.
– Yangi binomizda muammo yo‘q, lekin 1986 yilda qurilgan eski binodagi sinfxonalar isitilmaydi, - deydi maktab direktori Asri Vahobov. – Negaki, binodagi 4 ta eski pechdan nosozligi uchun foydalanmayapmiz. Yangi isitish tizimini o‘rnatishga mablag‘ yetmagani sababli tuman xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qildik. Muammo hal bo‘lishini kutib turibmiz.
Biz maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklar mutasaddilar tomonidan tez kunlarda bartaraf etilishini kutib qolamiz.
Husan ELTOYeV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV,
“Zarafshon” muxbirlari.