Muruvvatda imomlar ibrat ko‘rsatmoqda
Muborak Ramazon oyi davom etayotgan shu kunlarda Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi jamoasi va saxovatli kishilar Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyiga borib, tarbiyalanuvchilardan hol so‘radi. Ularni Ramazon bilan qutlab, bu oyning shukuhi va fazilati haqida so‘zlab berdilar. Muassasa tarbiyalanuvchilariga oziq-ovqat mahsulotlari hamda ikki yuzdan ziyod badiiy va ilmiy kitoblar tuhfa qilindi.
– Yetimlarga yaxshi qarash har bir jamiyatdagi ijtimoiy tenglikning muhim omillaridan biri, – deydi “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi imom xatibi Z.Mahmudov. – Ularga taom, kiyim-kechak, ta’lim-tarbiya berish o‘ziga to‘qlarning zimmasidagi burchdir. Shuning uchun ham Islomda bu masalaga alohida e’tibor berilgan. Qur’oni Karimda yetimning haqiga xiyonat qilmaslik, unga muruvvatli bo‘lish haqida bir qancha oyatlar bor. Ushbu muborak kunlarda xalqimiz buning ahamiyatini teran anglab yetsa, nafaqat savob amallarimiz ko‘payadi, balki bu jamiyat uchun ham nihoyatda foydali ish bo‘ladi.
"Xo‘ja nisbatdor" jome masjidida ham muborak Ramazon oyida aynan shunday ishlarni tashkil etish maqsadida "Saxovat karvoni" xayriya qutisi tashkil etilibdi. Xayriyadan tushgan pullar muhtojlarga, kam ta’minlangan oilalarga yordam tariqasida beriladi.