Musulmonlar idorasi Haj va Umra ziyorati uchun berilgan yengillikka izoh berdi

Shu kunlarda Umra ziyoratini amalga oshirmoqchi bo‘lgan musulmonlar 14 kun kutishiga doir talab bekor qilindi, degan mazmundagi xabar tarqatildi. Bunga Musulmonlar idorasi aniqlik kiritdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jidda shahridagi mamlakatimizning Bosh konsulxonasida Haj va Umra masalalari bo‘yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog‘liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi shirkatlar ishlari bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Podshohlikda epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgani, kunlik kasallanish 65 nafarga tushgani, vaksina qilingan aholi 60 foizdan oshishi munosabati bilan umra ziyorati uchun o‘rnatilgan bir qator cheklovlar Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun yumshatilgan.

Jumladan, 28 oktyabr kunidan boshlab, Haj va Umra vazirligining “I’tamarna” (“Umra qildik”) mobil dasturi orqali ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun o‘rnatilgan 14 kun ichida faqat bir marotaba umra amalini ado etish cheklovi olib tashlandi.

Sodda qilib aytganda, avvalgi tartib bo‘yicha Makka shahrida bo‘lib turgan fuqaro Masjidul Haramga ehrom kiygan holda umraning tavof va sa’y amalini bir marta bajargandan keyin, navbatdagi umra qilishi uchun 14 kundan keyin ruxsat berilar edi. Endilikda yangi qoidaga ko‘ra, Makka shahrida istiqomat qilayotgan aholi yoki ushbu shaharda vaqtincha yashab turgan xorijliklar bir necha bor umra amalini ado etishlari mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash zarurki, ushbu yengillik faqatgina ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolariga tegishlidir. Xorij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas.