Mutaxassis maslahati: G‘o‘zani ko‘sak qurtidan asrash hosilning to‘rtdan birini saqlash degani
Ko‘sak qurti (G‘o‘za tunlami) - tunlamlar oilasiga mansub kapalak bo‘lib, paxta ekiladigan mamlakatlarda tarqalgan. U 120 dan ortiq o‘simlik turini zararlaydi.
Bu hasharot Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarida ko‘proq tarqalgan.
G‘o‘za tunlami g‘o‘zaga shonalash boshlanganda o‘ta boshlaydi, ungacha birinchi bo‘g‘in pomidor, no‘xat, makkajo‘xori va begona o‘tlar (bangidevona, g‘o‘zor)da rivojlanadi. Kapalaklar o‘simlik bargi va hosil organlariga 1-3 tadan tuxum qo‘yadi. Bitta urg‘ochi kapalak o‘rtacha 500, ba’zan esa 1000 gacha tuxum qo‘yishi mumkin. Yoz oylarida bir avlodning rivojlanishi uchun 25-35 kun kifoya. O‘rta Osiyoda 3-4 avlod beradi. Yosh barglar, shona va g‘unchalarni, yosh ko‘saklarni yeydi (ikkinchi nomi ham shundan). Bitta qurt 10-24 hosil elementiga zarar yetkazishi mumkin.
Bugungi kunda g‘o‘zaning shonasi va ko‘saklarini zararlashi mumkin. Ko‘sak qurti hayoti davomida o‘rtacha 600 tadan 2000 tagacha tuxum qo‘yadi. Havo haroratiga qarab tuxumi 2-12 kun, qurti esa 3-22 kun rivojlanadi, bu vaqtda u 6 yoshni o‘taydi. Bir yilda 3-4 tagacha ba’zan 5 martagacha avlod beradi.
Xo‘sh, ko‘sak qurtiga qarshi qanday kurashish mumkin?
Birinchi usul - agrotexnik tadbir. Bunda yerni kuzgi chuqur shudgorlash, zararlanadigan ekinlarni bir-biridan uzoqroq joylashtirish, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, chekankada o‘simlikning o‘sish nuqatasini fartuklarga yig‘ib chetga olib chiqarib ko‘mib tashlash; g‘o‘zani ortiqcha sug‘orib g‘ovlashiga yo‘l qo‘ymaslik.
Ikkinchichi usul - biologik kurashish. Bunda har 2 gektar g‘o‘za maydoniga 1 tadan feromon tutqich o‘rnatish va 1 ta tutqichga bir kechada 2-3 ta gacha kapalak tushganda 3-4 kun oralatib, 3 marta trixogramma tuxumxo‘ridan har gektariga 1 grammdan 400 ta nuqtaga zararkunandaning har bir avlodiga qarshi chiqarish. Ko‘sak qurtining o‘rta va katta yoshdagi qurtlariga qarshi brakon entomofagidan 1:20; 1:10; 1:5 nisbatlarda zararkunandaning har avlodiga qarshi 3 martadan 4-5 kun oralab 10x10 m sxemada chiqarish. Ko‘sak qurtining kichik yoshdagi qurtlariga va tuxumiga qarshi oltinko‘z entomofagining 3-4 kunlik tuxumidan gektariga 500 tadan 1500 tagacha chiqarish ham yaxshi samara beradi.
Uchinchi usul - biopreparatlar bilan ishlov berish. Bacillus thuringiensis var.thuringiensis, BA–3000 YeA/ml shtampli preparatlarni o‘simlikning o‘suv davrida, 1–3 yoshdagi qurtlarga qarshi 5–6 kun oralatib 2/litrdan/ga 2 marta purkaladi. Virus poliedrlari, Shtamm XS–17, g‘o‘za tunlami virusi, titri 1×109 spora/ml., shtampli preparatlarini o‘simlikning o‘suv davrida, 1–3 yoshdagi qurtlarga qarshi 5–6 kun oralatib 2 marta purkaladi.
To‘rtinchi usul - kimyoviy usul: ko‘sak qurtining miqdori har 100 ta o‘simlikka 8-10 ta (IZMM) yosh qurtlari to‘g‘ri kelganda foydali hasharotlarga kam zararli yoki tanlab ta’sir etuvchi indoksakarb (AVAUNT 15% k.e. - 0,45 l/ga, AGRO-VAUNT 30% v.d.g. 0,25-0,3 l/ga), xlorantraniliprol 200 g/l asosli (Koragen 20% 0,2-0,3l/ga), emamektin benzoat asosli, (PROKLEYM 5% v.d.g. 0,3-0,5 kg/ga., AGRO-PROKLAIM 10% s.d.g. 0,2 kg/ga,), Emamektin benzoat 50 g/kg +lyufenuron 400 g/l asosli (AGRO-PROKLAIM DUO 45% s.d.g. 0,2 l/ga) preparatlar tavsiya etiladi.
Odiljon Shomurodov,
Past Darg‘om tumani o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi fitosanitar davlat inspektori.