Mutaxassislar COVID-19 koronavirusini tarixda sodir bo‘lgan boshqa pandemiyalar oqibatiga solishtirib chiqishdi
Yangi turdagi koronavirus infeksiyasi insoniyat tarixidagi eng fojiali pandemiyalar reytingining 20-o‘rnidan ham joy olmadi.
Mutaxassislar COVID-19 pandemiyasini milodiy yilnoma boshlanganidan buyon sodir bo‘lgan boshqa epidemiyalar bilan taqqoslab ko‘rishdi. O‘rganishlarda o‘sha davrning aholi soni va qurbonlar soni hisobga olindi va foizlar chiqarildi.
Tahlillarga ko‘ra, 1347 – 1351 yillarda hukm surgan “qora ajal” vabosi insoniyat uchun eng fojiali bo‘lgan. Bu kasallik dunyo aholisining 42 foizi, ya’ni 200 million insonni hayotdan olib ketgan. Reytingning ikkinchi o‘rnini 541 – 542 yillarda avjiga chiqqan vabo band etdi. U dunyo aholisining 28,5 (60 million inson) foizi yostig‘ini quritgan.
So‘nggi yuz yilda yuzaga kelgan epidemiyalar ichida “ispanka” grippi eng ko‘p odamning hayotiga zomin bo‘lgan. 1918 – 1919 yillar oralig‘ida bu kasallik 50 million odamni yoki dunyo aholisining 2,73 foizi hayotiga zomin bo‘lgan. Bizning kunlarda eng xavfli yuqumli kasallik OITS bo‘lib qolmoqda. U 30 million insonni (dunyo aholisining 0,57 foizi) hayotiga nuqta qo‘ydi.
Yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 183336 nafarni, yoki dunyo aholisining 0,002 foizini tashkil etmoqda.