Mutolaa: Asabni asrang (hajviya)
Abduhamid Muxtorov.
Asab xastaligiga duchor bo‘lganlarni ko‘rsam ensam qotadi. Chunki, kuyib-pishib yetib kelgan joyi kasalxona-da. Sizga aytsam, odam begemotday beparvo bo‘lishi kerak. Ana shunda hech qachon yutqazmaysiz. Kasallik nima bilmaysiz, og‘irligingiz ham joyida, eng muhimi, sog‘u-salomatsiz.
Kuydi-pishdi odamning ahvoli-chi, sho‘rlikning yarim umri to‘shakda o‘tadi. Xotirjam yurish unchalik qiyinmas. Masalan, ertalab ishga chiqish oldidan tuflini yaltiratib tozalab avtobusga chiqasiz. Allaqanday nusxa oyog‘ingizni bosib oladi. Og‘riqqa-ku, bir amallab chidaysiz, ammo xafsala bilan tozalangan tuflida uning oyoq izi qoladi. Qarab turib asabingiz buziladi. Azaldan iflos tuflini yoqtirmaysiz, beixtiyor ko‘zingiz qizarib hezlanasiz.
– Ho‘, befarosat, ko‘z qayoqda. Ko‘zingga… oyoqni bosding-ku.
Gunohkor yoshi katta, ko‘pni ko‘rgan bosiq odam bo‘lsa xo‘b-xo‘b, uzr so‘rab hovuringizdan tushiradi. Aksiga olib «uch barmoq»li yoshlardan bo‘lsa-chi? Ko‘zini lo‘q qilib:
– O‘zingni ko‘zingga …, kerak bo‘lsa oyog‘ingni ko‘tarib tur, – deyishi hech gapmas.
Qarabsizki, janjal tayyor. Hammasi mayli-yu, ikki orada asabingizning ishdan chiqqani chatoq.
Endi buning boshqacha variantini olib ko‘raylik. Yaltiragan tufli bilan avtobusga chiqasiz, bosib olishadi. Botinka rasvo bo‘ldi, oyoq esa og‘ridi. Biroq siz parvo qilmaysiz. Bosgan nusxaga qarab miriqib tirjayib qo‘yasiz.
Chunki… Chunki, siz tuflini tozalayotganda «agar tuflimni kim bosib olsa…» deb OLDINDAN rosa so‘kib qo‘ygansiz. Xullas, hammasi joyida. Bosib olgan nusxa dakki eshitmaganidan xursand, siz esa xumoridan chiqquncha OLDINDAN so‘kib qo‘yganingizga.
Ha, birodar, bosiqlikda gap ko‘p. Boshingizga olashaqshaq o‘tirib ketsa baqir-chaqir qilib o‘tirmang. Qush so‘kishni tushunmaydi. Yigirmanchi asrning kal dohiysiga o‘xshab asabingizni buzmang-da, filga qanot bermaganiga shukur qiling.