Mutolaa: Fokuschining qasosi. Hikoya
Stiven LIKOK
- Endi, xonimlar va janoblar, - dedi fokuschi, - bu ro‘mol ichida hech narsa yo‘qligiga amin bo‘lganingizdan keyin, men undan bankadagi oltin baliqchani olib chiqaman. Biiir, ikkii, marhamat!
Zalda o‘tirganlar hayrat bilan takrorladi:
- Ajoyib, tasanno, u buni qanday qilyapti?
Ammo birinchi qatorda o‘tirgan aqlli janob yonidagilarga shivirlab, xabar berdi:
- U... uning qo‘lida edi... yengida.
Boshqalar bu aqlli kishiga zavq bilan qarab:
- Albatta, nahotki, shunga bizning aqlimiz yetmadi, - dedi.
Butun zal bo‘ylab shivir-shivir tarqaldi:
- U uning yengida bo‘lgan ekan.
- Keyingi tomosha, - dedi fokuschi, - mashhur hind halqalari. Marhamat, o‘zingiz ko‘rib olishingiz mumkin, halqalar bir-biriga bog‘liq emasligiga e’tibor bering. Hozir esa ular o‘zaro bog‘lanib qoladi. Bum! Bum! Bam! Marhamat!
Hayron qolarli darajadagi tahsin g‘ovur-g‘ovuri eshitildi, lekin aqlli kishi yana shivirladi:
- Aniqqi, unda boshqa halqalar bo‘lgan, yengining to‘rida.
Boshqalar ham shivirlay boshladi:
- Uning boshqa halqalari bo‘lgan.
Fokuschining qoshlari jahl bilan burishdi.
- Endi, - deb davom etdi u, - men sizga yana bir qiziqarli tomosha ko‘rsataman. Shlyapa ichidan siz istalgan miqdordagi tuxum chiqaraman. Biror bir janob menga shlyapasini qarzga bera oladimi? Xo‘sh! Rahmat! Tayyor!
U o‘ttiz besh soniya ichida shlyapa ichidan naq o‘n yettita tuxum olib chiqdi, tomoshabinlar esa hayrat bilan qarsak chala boshlashdi. Lekin aqlli kishi birinchi qatordagi qo‘shnilariga egilib pichirladi:
- Uning yengida tovuq bor.
Boshqalar ham bir-biriga pichir-pichir qilib aytishdi:
- Uning yengida bir gala tovuq bor.
Tuxum hiylasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Aqlli kishining pichirlashiga qaraganda, fokuschining yengida halqalar, tovuq va baliqlardan tashqari, bir nechta qarta dastasi, bitta non, qo‘g‘irchoq karavoti, tirik quyon, ellik sentlik tanga va hatto tebranadigan kursi yashiringan ekan.
Shu orada fokuschining obro‘si tusha boshladi. Shou oxiriga kelib, u so‘nggi umidsiz urinishni amalga oshirdi.
- Xonimlar va janoblar, - dedi u. – Tomoshamiz so‘ngida, men sizlarga yaqinda Tiperrari aholisi tomonidan ixtiro qilingan ajoyib yapon fokusini namoyish etaman. Iltimos, janob, - deb davom etdi u aqlli kishiga murojat qilib, - menga oltin soatingizni bera olasizmi?
Soat darhol unga topshirildi.
- Siz soatingizni mayda-mayda qilib tashlashimga ruxsat berasizmi? – deb so‘radi ovozida shafqatsizlik belgisi bilan.
Aqlli qishi boshini ijobiy silkitib jilmaydi.
Fokuschi soatni bolg‘acha bilan sindirib tashladi.
- U soatini yengiga yashirdi, - pichirladi aqlli.
- Endi esa janob, - davom etdi fokuschi, - ijozatingiz bilan dastro‘molchangizni olib, uni teshib chiqaman. Tashakkur. Ko‘rib turganingizdek, xonimlar va janoblar, bu yerda hech qanday aldov yo‘q, ko‘z ko‘ra oladigan oddiy teshiklar.
Aqllining yuzi zavqlanib, yorishib ketdi. Bu safar unga hamma narsa chindan ham sirli bo‘lib tuyuldi va u butunlay hayratda edi.
- Endi janob, menga shlyapangizni uzatsangiz, va uni ustida raqsga tushishga ijozat bersangiz? Tashakkur.
Fokuschi shlyapani polga qo‘yib, uning ustida o‘ynay boshladi va bir necha soniyadan so‘ng shlyapa xuddi quymoq singari tep-tekis bo‘lib qoldi.
- Endi janob, iltimos, oppoqqina selluloiddan qilingan yoqangizni yechib menga bering, uni shamga qo‘yib yoqib yuboraman. Rahmat sizga, janob. Ha aytgancha, ko‘zoynagingizni bolg‘a bilan sindirishga ruxsat berasizmi? Rahmat.
Bu safar aqlli kishi butunlay sarosimaga tushib qoldi.
- Ana xolos! – pichirladi u. – Endi men mutlaqo hech narsani tushunmayapman.
Zalda g‘ala-g‘ovur tinmadi. Nihoyat fokuschi qaddini rostladi, u aqlli kishiga qattiq nigoh tashladi va shunday dedi:
- Xonimlar va janoblar! Siz ushbu janobning ruxsati bilan soatini sindirib, yoqasini yoqib, ko‘zoynagini yechib, shlyapasi ustida raqs tushganimni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldingiz. Agar u menga paltosini berib uni yashil bo‘yoq bilan bo‘yashimga ruxsat bersa, sizlarning vaqtlaringizni yanada chog‘ qilgan bo‘lardim. Yo‘qsa, tomosha tugadi.
Orkestrning g‘olibona tovushlari yangradi, parda tushdi va fokuschining yengi hech qanday aloqasi bo‘lmagan bunday hiyla-nayranglar hali ham borligigiga amin bo‘lgan tomoshabinlar tarqala boshladi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.