Mutolaa: Homiyni qanday topdim?
Voqeiy hikoya, 3-qism. Yechim Ismatulla Yo‘ldoshev
Ertalab soat 7:00 larda yuvinib, nonushta qilib o‘tirsam palatamga Baxtibey va uning kursdoshi - ko‘p yillar bir nechta shtatlarda huquq sohasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Ulfatbey kirib keldi.
Ulfatbey juda yaxshi odam, uni yaxshi taniyman, birga bir qancha ishlar qilganmiz. U o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holat bo‘yicha ishdan ketgan edi.
Mehmonlarni o‘tirishga taklif qildim, hol-ahvol so‘rashib, Azimbey masalasida, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish haqida gaplashdik. Ma’lum bo‘lishicha, Baxtibey vedioyozuvlarni ko‘rgach og‘ir ahvolga tushib qolgan. U juda mag‘rur, hech kimni tan olmay mansab ko‘priklaridan kimlarningdir yordami bilan o‘tib kelgan bo‘lsa-da, bu safar juda tushkunlikka tushgan edi. Chunki "yuqori"dagi u ishongan odamlarning ham tagiga suv ketgan edi. U don mahsulotlari kompaniyasi bo‘yicha holatlar yuz foiz to‘g‘riligi, ba’zi ko‘cha odamlarining gapiga uchib shu holatlar sodir bo‘lganligi, buni faqat tinch yo‘l bilan hal qilish lozimligi, keyingi vaqtda sog‘ligi ham yaxshi emasligi haqida gapirib, biroz ko‘z yoshi qildi va iqrorlik bildirdi. Ishlab yurgan vaqtlari ham kimlarnidir gaplariga kirib, qo‘l ostidagi yaxshi xodimlarga azob berganligigacha to‘liq iqror bo‘ldi.
Vaziyatni yumshatish uchun don mahsulotlari kompaniyasi boshliqlaridan biri - Azimbey ko‘p yillar azob chekib, kamomadni yopish uchun qarz ko‘tarib, og‘ir ahvolda qolganligini tushuntirdim. Shundan keyin Azimbeyning sinfdosh do‘sti, mahalladoshi, sirdoshi "usta"ga sim qoqib, fors tilida Azimbeyning qarzlarini to‘laydigan odam chiqqanligi, shuni to‘lagandan keyin da’volardan voz kechishga hujjat berishini so‘radim.
Biz qo‘ng‘iroqni kutdik, oradan bir soatlar o‘tib "usta"dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Azimbey shartga rozi bo‘lib, olgan qarzi miqdorini aytibdi. Baxtibey bu mablag‘ni to‘liq to‘lashga rozilik berib, "usta"ning telefonini "shotir"lariga yozib berib, tez borib uchrashishni tayinlandi.
Shu kuni kechki payt soat 23:00 larda palatamga Baxtibey Ulfatbey bilan kirib keldi. Ularning kayfiyati yaxshi edi. Menga ishlar hal bo‘lganligi, tilxat va hujjatlar olinganligini aytib, papkani oldimga qo‘ydi. Tilxatga ko‘z yugurtirdim, holat men aytganday bo‘lgandi. Keltirilgan zarar summasini olganligi, da’vosi yo‘qligi guvohlar ishtirokida yozilib, mahallaning muhri bilan tasdiqlangan edi.
Endi asosiy masala mendagi yozuvlarni o‘chirish qolgan edi. Men yozuvlarni o‘chirishdan oldin bir-ikkita savol bilan Baxtibeyga murojaat qildim:
- Men tinimsiz og‘ir jinoyat "ish"larini kechayu kunduz dam olmasdan, ta’tilga chiqmasdan ishlaganim tufayli sog‘ligimni yo‘qotib, o‘ng ko‘zim xiralashib qolganligi, shu tufayli shifokorlar xulosasiga ko‘ra zudlik bilan chet elda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, aks holda ko‘zdan ayrilib qolishligim haqida "bildirgi" bilan bir necha marta murojaat qilganimda jamoatchi yordamchi O‘tkirbiy Erkinbiy o‘g‘lini ishga olishni yuqori bilan kelishib, meni ketishim haqida ariza yozishni tashkil qildingiz.
Oqibatda yuqori turuvchi organning shtatimizning nazorat qiluvchi Ashurbey ismli xodim chet elda davolanishga ruxsat yo‘qligini, faqat ishdan bo‘shashga ariza yozib ketishim mumkinligi haqida aytdi. Keyinchalik boshqalar orqali Ashurbeyning bu javobini tekshirib ko‘rsam, u siz bilan kelishuvga asosan shu gapni aytgan ekan.
Bundan tashqari, ishlab yurganingizda hech bir sababsiz aybsiz xodimlarni uzoq tumanlarga “surgun qilar” edingiz. Buning sabablarini ayta olasizmi? - dedim.
Baxtibey haqiqatan shunday bo‘lganligini, Ashurbey o‘ziga tegishli O‘tkirbiyni ishga olishni bir necha oydan buyon iltimos qilib, holi-joniga qo‘ymasdan kelayotgani uchun men bilan shunday yo‘l tutganiga iqrorlik bildirdi.
Aybsiz xodimlarga nisbatan jazo tayinlab, chekka hududlarga jo‘natganini ham tan olib, kech bo‘lsa-da ko‘zi ochilganligi, ulardan kechirim so‘rashga tayyor ekanligini bildirdi. Ayni paytda sog‘ligi yaxshi emasligi, Isroil davlatida yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi, pul, mansab sog‘liq oldida hech narsa emasligini aytib, ko‘ziga yosh oldi...
Baxtibeyga yordam berish kerakligini idrok qilib, telefonimdagi video va audio yozuvni Ulfatbeyga ko‘rsatib, o‘chirib tashladim. Hammasiga yaxshilik bilan nuqta qo‘yilgan edi...
Ular chiqib ketgach, oradan yigirma daqiqalar o‘tib, Ulfatbey qaytib keldi. Qo‘lida, yelim xaltachada nimadir bor edi. Shu xaltachani arzimas sovg‘a ekanligini aytib, menga tutqazmoqchi bo‘ldi. Darhol rad qildim, “bu nima?”, degan savolimga uch taxlam "jingalak sochli boboy surati tushirilgan pul" ekanligini aytdi.
Mamlakatimizning sharqiy shtatlaridan bir ayol kishi internetda eri Urusiyada mardikorlikda daraxt tagida qolib, halok bo‘lganligi, o‘n ikki yoshli qizi avtomashina urib ketishi oqibatida yurolmay qolganligi uchun Germaniyaga olib borib davolashda moddiy yordamga muhtojligi haqida aytib berdim. Menga sovg‘a qilayotgan pulni shu ayolning hisob raqamiga, savob uchun o‘tkazishni iltimos qildim. Va mushtipar ayolning internetdagi e’lonini uning telefoniga yubordim. Ulfatbey rozi bo‘lib, chiqib ketdi.
Shu kuni yaxshi uxladim, yaxshi tushlar ko‘rdim. Ertasi kuni sog‘ligim ham ancha tetiklashganini his qildim. Tongda menga “atalgan” pullar aytgan hisob raqamiga jo‘natilganligi haqida SMS xabar oldim. Birozdan so‘ng Ulfatbey telefon qilib, Baxtibey ikki kundan keyin Isroil davlatiga jarrohlik amaliyoti uchun uchib ketishini aytdi. Ilohim, shifo topib, oilasi bag‘riga eson-omon qaytsin, deb duo qildim...
Baxtibey Isroildan omon qaytdi, biroq sakkiz oylardan keyin tasodifiy yurak xurujidan olamdan o‘tdi. Juda ko‘p pul, boyliklar, serhasham, shohona imoratlar yordam bermadi...