Mutolaa: Karikaturachi. Hikoya

Frederik Braun

Pochta qutisida oltita xat bo‘lardi, Bill Kerrigan ularga tajribali ko‘z tashlagach, hech birida chek yo‘qligini darhol anglab oldi. Ularda faqat mo‘yqalam ifoda eta olishiga ishongan odamlar tomonidan yuborilgan “g‘oya”lar bo‘lardi.

Bill konvertlarni o‘zi g‘urur bilan “ustaxona” deb ataydigan kulbaga olib bordi. Shlyapasini plita ustiga tashlab yubordi va omonatgina turgan chizuv taxtasi sifatida xizmat qiladigan oshxona stoliga o‘tirib konvertlarni ocha boshladi.

U anchadan beri hech nima sotishga muvaffaq bo‘lmagandi va o‘ziga hatto “umid” so‘zini taqiqlab qo‘ygandi, biroq konvertlarning birida yaxshi g‘oya borligini his etdi. Kim nima desa desin, lekin mo‘’jizalar sodir bo‘lib turadi.

Bill birinchi konvertni ochdi. Bu safar oregonlik bu shaxs karikaturalarga oltita imzo qo‘yipti. Shartlar ham oddiy: agar mavzu Billga yoqsa, u chizadi, agar rasm sotilsa, imzolar mualliflari belgilangan foizini oladi. Bill chuqur xo‘rsindi va keyingi konvertga o‘tdi, keyin boshqasiga...

Ish yurishmadi. Karikaturachi garchi hamma narsa arzon bo‘lgan kichik bir chekka shaharchada yashasa ham, bu pul ishlab topadigan kasb emas. Pastga siljish boshlandimi, to‘xtalish juda qiyin kechadi. Yirik jurnallar sizni chetlab o‘tadi, g‘oya beruvchilar esa o‘z mavzularini boshqalarga yubora boshlaydi.

Senga esa faqat hech kimga kerak bo‘lmagan, arzimas narsalar qoladi...

Shunga qaramay oxirgi konvert o‘z ichiga qiziqarli narsalarni olgan edi. Voqea “Shpruns” sohilida sodir bo‘ladi. Imperator jirkanch maxluq, u atrofidagi olimlariga shunday deydi: “Albatta Yerga kemani yuborish juda qiziq fikr, lekin bunday xunuk maxluqlar yashaydigan sayyoraga tashrif buyurish naqd jinnilikdir!”. Bill Kerrigan o‘ychanlik bilan burnining uchini qashib qo‘ydi. Bundan albatta biror narsa chiqishi kerak...

Ilmiy fantastika bozori gullab-yashnayotgan bir paytda bu maxluqlarga faqatgina jirkanch ko‘rinish berishgina kifoya, shunda go‘zallik g‘oyasining ma’nosi ma’lum bir jozibaga ega bo‘ladi.

U qalam-qog‘ozni qo‘liga oldi va hayajon bilan chiza boshladi. Xayolotga berilib o‘zini to‘xtata olmay ishlab ketdi... Shu tarzda har birining uchta boshi, oltita yaltiroq ko‘zlari bor va ularga qarashning o‘zi ham yoqimsiz bo‘lgan allaqanday mavjudotlar yaraldi. O‘n ikkita cho‘ltoq qo‘llar... He-he, yomon emas... Har birining tanasi uzun, oldingilari bir yo‘nalishda, orqadagilari esa boshqa tomonga egiladigan to‘rttadan kalta-kalta oyog‘i bor...

Yuzlarini qanday yaratsam ekan? Ha, hech qanday yuz bo‘lmaydi, hamma narsa sip-silliq, ko‘kragining o‘rtasida katta og‘iz bo‘ladi.

Orqa fonda u manzaraga o‘xshash ko‘rinishni chizdi, chetdan qarab qo‘ydi va mamnun qoldi. Balki biroz oshirib yuborgandir, bosh muharrir o‘quvchi qo‘rqib ketadi, deyishi mumkin, lekin maxluqlarni aksincha, chiroyli qilib qo‘ysa, hazilning tuzi qochib qoladi.

Bill konvertni oldi va ustiga eng yaxshi mijozining manzilini yozdi. Ikki oydan ortiq vaqt davomida jurnal undan hech narsa sotib olmagan edi. Bosh muharrir Rod Korri har doim uning eng g‘alati rasmlarini tanlardi. Balki bu safar ham omadi yurishib ketar.

Bill Kerrigan o‘z maxluqlarini deyarli unutib qo‘ygandi, olti hafta o‘tgach, u katta paketni olganida, unda quyidagi so‘zlar yozilgan karikatura qaytarilgan edi: “Yaxshi, menga bu chizmaning Xitoy siyohi bilan bajarilganini yuboring”. Imzo – “R.K.”. Nihoyat u muzlatgichini to‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi!

Ikki soatdan keyin Bill konvertni muhrlab pochta bo‘limi tomon yugurardi. Endi pul kelishi tayin. Endi u mashinasini tuzatadi, hech bo‘lmaganda uy-joyi ijara pulining bir qismini to‘laydi va do‘kondagi qarzidan qutuladi.

Chek gazeta do‘konlarida suratli jurnal paydo bo‘lgan kunning o‘zidayoq keldi. Bill pulni oldi va barga qarab ketdi. Muhim hodisa sodir bo‘lgan kuni uni darhol nishonlash kerak!

Uyiga kelib u shishadagi ichimlikni ochdi, ikki stakan ichdi, kursiga qulaygina o‘tirib olib, universal stoliga chang bosgan poyabzalini qo‘yib bo‘shashdi. Ertaga albatta, u pulini bunday axmoqona isrof qilganiga pushaymon bo‘ladi, bu ertaga bo‘ladi, bugun emas!

Kerrigan keyingi stakanni og‘ziga yaqinlashtirmoqchi edi, qo‘li yarim yo‘lda to‘xtab qoldi, ko‘zlari ko‘z kosasidan chiqib ketdi. Uyning g‘isht devori birdan titrab, tebranib, tisarilib ketdi. Teshik eshik o‘lchamiga yetguncha kattalashib boraverdi.

Bill istehzo bilan shishaga qaradi. “Xudoyim, men nimani ichdim o‘zi?”. Uning ko‘zlari ishonchsizlik va qo‘rquv bilan tuynukka qaradi: “Balki zilzila bo‘layotgandir?! Aks holda...”

Teshikda ikkita tushunarsiz oltiqo‘lli jonzot paydo bo‘ldi. Har birining uchta boshi bor edi va har bir boshning ko‘zlari uch juft ko‘zoynak ostida yashiringan edi. To‘rtta oyoq va tanasining o‘rtasida joylashgan og‘iz qiyofani to‘ldirib turardi.

- Marhamatli xudoyim! – ingradi Bill.

Har bir jonzot panjalarida o‘qotar qurolga o‘xshash narsani ushlab turardi va bu qurol to‘g‘ridan-to‘g‘ri Billga qaratilgan edi.

- Tovba, - dedi Bill, - bu eng kuchli ichimliklardan biri bo‘lishini bilardim, lekin bunday ta’sir qilishini...

Maxluqlar unga qarab seskanishdi va ularning har biri dahshatdan bir talay ko‘zlarini chimirib qo‘yardi.

- U qanchalik jirkanch bo‘lmasa! – dedi biri. – Menimcha bu butun Quyosh tizimidagi eng dahshatli mavjudot.

- Kim? Menmi? – so‘radi Bill xira ovozda.

- Ha, siz, biroq qo‘rqmang. Biz yomonlik qilish uchun kelganimiz yo‘q. Imperator Von Vir Uchinchi sizga minnatdorlik bildirishi uchun sizni Shprunsga jo‘natamiz.

- Shprunsga... Q...qanday qilib... minnatdorlik bildirish uchun?

- Imperator aytmadi. Lekin bu munosib mukofot bo‘ladi. Bizning vazifamiz sizni hazratlarining ko‘zlari oldiga taqdim etish. Siz qarshilik ko‘rsatgan taqdirdagina qurol oldik. Bu o‘ldirmaydi – siz faqat hushingizni yo‘qotasiz.

- Y-y-o‘o‘o‘q, siz mavjud emassiz! – dedi Bill qat’iy. Keyin qo‘shib qo‘ydi - U... Shpruns qayerda joylashgan?

- K-14-320-GM tizimining beshinchi sayyorasidagi 1745/88 NT/97608 fazoviy davomiyligida.

- U bizdan qancha uzoqlikda joylashgan?

Maxluq panjasini silkitdi:

-  Shundoqqina devordan chiqishingiz bilan. Tayyormisiz?

- Yo‘q. Menga qanday rahmat aytiladi, bilmoqchi edim?! Bu chizmam tufaylimi? Siz bu haqda qayerdan bilib qoldingiz?

- Ha, chizma sabab bo‘ldi. Biz sizning sivilizatsiyangizni yaxshi o‘rgandik.  Bizda ham birinchi darajali rassomlar ko‘p, lekin afsuski, bitta ham karikaturachi yo‘q. Siz chizgan rasm bizni hayratda qoldirdi. Shprunsning barcha aholisi haddan tashqari xursand bo‘ldi. Xo‘sh, endi tayyormisiz?         

- Yo‘q, - dedi Bill Kerrigan.

Maxluqlar qurollarini ko‘tarib, tugmalarini bosishdi.

- Siz taxt xonasida o‘zingizga kelasiz, - dedi ulardan biri.

U xonani  darhol tanidi. Imperatorni ham va uning atrofidagi olimlarni ham boshqa hech kim bilan adashtirmasdi.

Maxluq unga qaradi va qayerdandir ovoz eshitildi:

- Sodiqlar yo‘lchi yulduzi, ulug‘vorlik qo‘mondoni, yorug‘lik manbai va galaktikalar hukmroni, buyuk va qudratli imperator Von Vir Uchinchi.

- Bill Kerrigan, - dedi u oddiygina.

- Bizga hayotimizda hech qachon kulmagandek kulish imkoniyatini berganingiz uchun sizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, Bill Kerrigan. Men sizga imperator karikaturachisi lavozimini taklif qilaman. Sizning yagona mashg‘ulotingiz har kuni bitta rasm chizish bo‘ladi.

- Har kuni? Shuncha g‘oyani qayerdan olaman?

- Buyog‘ini bizga qo‘yib bering. Sayyoramiz aholisi nihoyatda topqir. Muammo shundaki, biz hazillarimizni karikatura tiliga o‘gira olmaymiz. Siz bizning sayyoramizdagi eng buyuklaridan biri bo‘lasiz, mendan keyin, albatta. Garchi ular meni ko‘proq sevishsa-da, ehtimol siz mendan ham mashhurroq bo‘lasiz.

- Men-a?.. - Bill qurigan lablarini yaladi. – Nima deyishni ham bilmay qoldim... Aslida men uyga qaytib ketmoqchi edim... Bu lavozim maoshi qanday to‘lanadi? Balki biroz pul ishlab, keyin Yerga qaytishim mumkindir.

- To‘lov siz kutganingizdan ham oshib ketadi. Bu yerda siz orzu qilgan hamma narsangiz bo‘ladi. Agar xohlasangiz bu muddatni istagan vaqtgacha uzaytirish huquqi bilan siz bilan faqat bir yilga shartnoma tuzishimiz mumkin.

“Hm, - o‘zicha o‘yladi Bill. – Unday bo‘lsa, men Yerga og‘iz-burnimgacha boy bo‘lib qaytishim mumkin.”

- Men sizga taklifni qabul qilishni maslahat beraman, - dedi imperator. - Har bir chizma sayyoradagi barcha nashrlarda takrorlanadi va barcha mualliflik huquqi ham sizniki bo‘lib qoladi.

- Nechta jurnallaringiz bor o‘zi?

- Yuz mingdan ortiq. Ularni yigirma milliard mushtariy sotib oladi.

- Bu sharoitda men bu yerda bir yil qolishim mumkin. Lekin...

- Lekin, nima?

- Men nimani chizaman? Tushundimki, sizlarning nuqtai nazaringizdan men juda xunuk ekanman, sizning go‘zallik mezonlaringizga moslashish men uchun qiyin kechsa kerak... Aytmoqchimanki, bu yerda men uchun do‘st orttirish imkonsiz bo‘ladi. Demoqchimanki...

- Siz rozi bo‘lgunga qadar, hushsiz holatda bo‘lganingizda biz zarur choralarni ko‘rib qo‘ydik. Bizning koinotdagi eng yaxshi estetik jarrohlarimiz bor. Orqangizdagi oynaga qarang.

Bill orqasiga o‘girildi. U yana hushidan ketdi...

Unga rasmga diqqatini qaratish uchun bitta bosh, chizmani bir vaqtning o‘zida har tomondan kuzatish uchun oltita ko‘z yetarli edi. Ikkinchi boshi o‘sib borayotgan bankdagi hisobraqami va sayyoradagi mashhurligi haqida o‘ylardi. Bu mashhurlikni Yerga o‘tkazib bo‘lmasligi u afsuslanadigan yagona narsa edi. Uchinchi boshi esa undan tez-tez xabar olib turadigan imperator bilan suhbatlashardi.

- Ha, - dedi imperator. - Bir yilgi muddat ertaga tugaydi, lekin umid qilamanki, biz sizni qolishga ko‘ndira olamiz, sizning shartlaringiz asosida, albatta. Mavqeingizdan foydalanmoqchi emasmiz va estetik jarrohlarimiz siz aytishingiz bilan asl qiyofangizni tiklashga shay turibdi.

Bill Kerrigan ko‘kragining o‘rtasida joylashgan butun og‘zi bilan jilmayib qo‘ydi. Uni shunchalik qadrlashlari bunchalik yoqimli bo‘lmasa! U hozirgina  birgina ushbu sayyorada tizimdagi boshqa sayyoralarga eksportini hisobga olmaganda, adadi 10 million nusxadan oshgan o‘zining to‘rtinchi rasmlar to‘plamini nashr etgan edi. Pul hech narsa emas, uning puli shunchalik ko‘p ediki, u baribir ularni sarflay olmasdi. Bitta bosh o‘rniga uchta boshga egalik qilish qanchalik qulay!

Uning birinchi boshi kotibadan nimanidir so‘ramoqchi bo‘lib, ko‘zlarini chizmadan uzdi. U juda chiroyli edi. Bill bu haqda unga hech narsa demadi, chunki hali qanday qarorga kelishini bilmay turardi.

Uning ikkinchi boshi bir paytlar yer yuzida tanigan qiz haqida bir zum o‘yladi va birdan seskanib ketdi – u juda jirkanch edi.

Imperatorning boshlaridan biri deyarli tugayotgan chizmaga qarab turar, og‘zi esa kulib turardi... Ha, ular Billni qadrlashadi, qadrlanish qanday ajoyib.

- Azizim!  - dedi Billning uchinchi boshi imperatorga qarab. – O‘ylab ko‘raman. Ha, men bu haqda o‘ylab ko‘raman!

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.